Unda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilinmoqda.

Birinchi masala – tibbiyot sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini aprel oyida tashkil etish.

Davlatimiz rahbari o‘tgan hafta alohida farmoyish imzolanib, 7 ta yo‘nalishdagi 50 ta tadbir va ularning har biri uchun mas’ullar belgilanganini ta’kidladi.

–Xalqimizga aytgan hamma tashabbuslarimiz bo‘yicha qarorlar tez kunlarda qabul qilinadi.  Lekin, amaliy ijroni bir kun ham kechiktirib bo‘lmaydi. Shuning uchun bir oylik amaliy ish tizimiga o‘tamiz. Vazir, ixtisoslashgan markaz rahbarlari va hokimlar o‘zlarining oyma-oy rejasini ishlab chiqib, amalga oshiradi. Ushbu rahbarlarning aprel oyi uchun ish rejalari bilan tanishib chiqdim. Qoraqalpog‘iston, Andijon, Surxondaryo hamda Kardiologiya va Xirurgiya markazlari masalaning sal bo‘lsayam ichiga kirgan.

Lekin, qolgan markazlarning ham, hududlarning ham ish rejasi “shablon” ko‘rinishida. Birortasi tuman darajasida nima ish qilishini oldiga vazifa qilib qo‘ymagan, –  dedi Prezident.

O‘zA