Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjunida sohada amalga oshirilgan ishlar borasida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, Davlat ekologiya qo‘mitasiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘yicha yangi ekilayotgan daraxt va butalarni hisobini yuritish maqsadida platforma yaratish, bunda asosiy e’tiborni hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda ko‘chatlar ekish, suv ta’minotiga alohida e’tibor berish, har bir hududda bittadan na’munali ko‘chalar tashkil etish, ko‘chat yarmarkalarini tashkillashtirish kabi vazifalar  yuklatilgan edi.

Joriy yilning bahor mavsumida 125 million dona ko‘chat va butalar ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bahor mavsumining erta kelishi sabab, ayniqsa janubiy hududlarda ko‘chat ekish tadbirlari muddatidan ancha avval boshlandi. bugungi kunda 50 million donadan ortiq ko‘chatlar ekildi. Shuningdek, bugungi kun holatiga respublika bo‘yicha jami 195 million donaga yaqin ko‘chat zaxirasi tayyorlangan.

Iqlim sharoitiga mos ko‘chat tanlash va xarid qilishda ortiqcha sarsongarchiliklarni oldini olish maqsadida, tuman (shahar) hokimliklari, ekologiya va o‘rmon xo‘jaligining hududiy boshqarmalari bilan birgalikda 207 ta arzonlashtirilgan ko‘chat yarmarkalarini tashkil etilgan.

“Yashil yillik” tadbiri doirasida xalq ta’limi yo‘nalishidagi ob’ektlarda 2 million  506 ming, maktabgacha ta’lim ob’ektlarida 2 million 505 ming hamda sog‘liqni saqlash ob’ektlarida 5 million 496 ming dona ko‘chatlar ekilishi belgilangan.

Matbuot anjumanida mutasaddilar xarid qilinadigan ko‘chatlar uchun xodimlarining maoshlaridan haq olib qolinishini oldini olish maqsadida  ko‘chatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish choralarini o‘z vaqtida ko‘rilishini  ta’kidlab o‘tdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA