Nukusda “Sahro palitrasidan yaralgan Qoraqalpoq tasviriy san’atining badiiy ta’limdagi o‘rni” mavzusida ikki kunlik respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, akademik Jollibay Izentayev haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Unda so‘zga chiqqanlar taniqli rassomning hayoti va ijodiga, rassomchilik san’atini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasiga to‘xtaldi.
Qoraqalpog‘istonda, umuman, O‘zbekistonda zamonaviy tasviriy san’atning yorqin namoyondalaridan biri O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Jollibay Izentayevning ijodida Qoraqalpoq xalqining an’anaviy madaniyati bilan XX asr G‘arbiy Yevropa san’atining avangard badiiy harakatlarining simbiozi katta ahamiyat tutadi. U bolaligidan rasm chizishga qiziqishi va iste’dodini namoyon etdi. Dastlab P.P.Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtida, so‘ngra K.Bekzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini Nukus shahridagi badiiy-ishlab chiqarish ustaxonalarida boshladi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi lavozimida faoliyat yuritdi.
U ijodi davomida manzara, portret, syujet kompozitsiyalari, natyurmort kabi janrlarda mehnat qildi. Jumladan. natyurmortlarida xalq hayotining unsurlarini, uning milliy koloritini aks ettirdi. U XX asr O‘zbekiston tasviriy san’atida o‘zining munosib o‘rnini egallab, o‘ziga xos tasviriy uslubni yarata oldi. O‘tmish va kelajak, G‘arb va Sharq o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘prik” qo‘ydi. Rassom Nukusdagi muzey asoschisi Igor Savitskiyni o‘zining ruhiy ustozi deb bildi.
O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida Qoraqalpoq tasviriy san’ati maktabini keng ommalashtirish, badiiy ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida respublika seminarida Qoraqalpog‘iston Respubliksi Turizm boshqarmasi boshlig‘i Gulbahor Izentayeva “Qoraqalpog‘istonda tasviriy san’at” (I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi misolida), Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Saniya Bekbosinova “Akademik Jollibay Izentayev hayoti va ijodi”, Turkmaniston davlat badiiy Akademiyasi San’atshunoslik tarixi kafedrasi o‘qituvchisi Jeren Baltayeva “Turkmaniston torevtikasi”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi ilmiy kotibi Aynur Aytmuratova “Devoriy rasmlar va ranglar mazmuni” mavzulari tinglandi.
Shu kuni Jollibay Izentayev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Quyosh nurlariga yo‘g‘rilgan olam” nomli albom-katalogining taqdimoti hamda rassomning ijodiy ishlaridan iborat ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda rassomning 30 ga yaqin asari o‘rin oldi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, rassom Jollibay Izentayev ijodi davomida qoraqalpoq rangtasvir san’ati maktabini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shgan ustoz, iste’dodli rang-tasvirchilardan biri sifatida o‘chmas iz qoldirdi. Takrorlanmas iste’dod egasi bo‘lgan rassom o‘z asarlarida ona yurtimiz, Orol, ko‘ngli pok va saxiy insonlar siymosi, xalqimiz madaniyati va tabiatning boy manzaralari tasvirlagan.
Tadbirning ikkinchi kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida mahorat darslari, O‘zbekiston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, haykaltarosh Joldasbek Quttimuratovning ijodiy asarlaridan iborat ko‘rgazmasi va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.