Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Dekos” kompaniyasi va “MFaktor” loyihasi asoschisi, tadbirkor Hasan Mamasaidov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut ma’muriyati vakillari, yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov tadbirkor Hasan Mamasaidov tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, ularning ahamiyati, shuningdek, “Biznes marafon” loyihasida muntazam ravishda spikerlik qilib, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘nalishidagi ishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. O‘z navbatida tadbirkor hayoti va mehnat yo‘li, sohaga qo‘ygan dastlabki qadami, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan xatolari, uchragan qiyinchiliklari, ularni qanday yengib o‘tib, bugungidek darajaga erishgani bo‘yicha hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Talaba-yoshlar tadbirkorning tashabbuslari va loyihalari borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Eng yaxshi savol egalariga tadbirkor muallifligidagi “Bu kitob siz uchun emas, balki bo‘lajak liderlar uchun…” nomli kitob sovg‘a qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri