“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi, Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali hamda tegishli soha mas’ul xodimlari ishtirokida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.
Ushbu maqsadlarda mamlakatimizda kambag‘allik darajasini qisqartirish va mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror hamda samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish vazifasi belgilangan.
Tadbirda Nukus shahri, Taxiatosh va Kegeyli tumanlari hududlaridagi kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar va ulardagi yaratilgan ish o‘rinlari o‘rganildi. Ishchi guruh mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni har tomonlama ko‘llab-quvvatlash, ularning faoliyat yuritish sharoitlarini yaxshilash masalalari bilan tanishdi. Bunda ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishini jadallashtirish hamda ushbu asosda doimiy ish joylari tashkil etilishini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan mikromarkazlar faoliyati ko‘rib chiqildi.
Monitoring davomida kuzatilgan kamchiliklar, uchrayotgan muammolar bartaraf etilishi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga taklif va tavsiyalar kiritiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.