Nukusda Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamda “Mfaktor” jamoasi hamkorligida tashkil etilgan “Biznes marafon” loyihasi doirasidagi navbatdagi treninglar o‘tkazildi.
Yoshlarni tadbirkorlikka faol jalb qilish, xususan, ularda o‘zini o‘zi rivojlantirish bo‘yicha kuchli qiziqish uyg‘otish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab motivatsion treninglarning 1-2-3 va 4-mavsumi o‘tkazilib, ularda 2 ming nafardan ziyod yosh ishtirok etgan edi. Respublika yoshlarining so‘roviga ko‘ra “Biznes marafon” motivatsion treninglarning beshinchi mavsumiga joriy yilning sentyabr oyida start berildi.
Mazkur treninglarda “Mfaktor”loyihasi va “Dekos.uz” asoschisi Hasan Mamasaidov, “Yuksalish” xususiy maktablari asoschisi Muhammad Ali Eshonqulov, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattarov, “ZMB universal academy” asoschisi Nilufar Xaydarova, “Thompson” nodavlat ta’lim muassasalari asoschisi Shahzod Bahodirov, eslab qolish bo‘yicha Rossiya rekordchisi, Super miya loyihasi asoschisi Davronbek Turdiyev kabi yurtimizda va xorijda muvaffaqiyatga erishgan, ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkorlar hamda biznes trenerlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz yetakchisining biznes vakillari bilan bu yilgi ochiq muloqoti aynan Qoraqalpoq yurtida tashkil qilingani bejiz emas. Chunki Qoraqalpog‘istonda biznes uchun birorta hududda yo‘q 50 dan ortiq imtiyoz paketining, yer ajratishning sodda tizimi joriy etilgani, katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hudud bu, aynan, Qoraqalpog‘iston ekanligi e’tirof etildi. “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yilgani bu hududda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi yangi g‘oya va nafas olib keladi. Bu esa, barchani, shu jumladan, yoshlarni yangi marralar sari ruhlantiradi.
“Biznes marafon”ning navbatdagi motivatsion treninglarida tadbirkorlik sohasiga qiziquvchi 600 nafar yoshning ishtirok etganligi ushbu sohaga qiziquvchilar safi ortib borayotganidan darak beradi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.