Tailandning Bangkok shahrida muaytay bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli musobaqada muaytaychilarimiz 2 ta oltin, 6 ta kumush, 10 ta bronza, jami 18 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida 112 ta davlat orasida 10-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, Xalqaro muaytay federatsiyalar uyushmasi (International Federation of Muaythai Associations) jahon chempionati doirasida navbatdagi Bosh assambleyasini o‘tkazdi. Unda 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar, 2025 yilda rejalashtirilgan masalalar ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi.
Shuningdek, assambleya doirasida Xalqaro muaytay federatsiyalar uyushmasi Bosh kotibi Stepan Foks va O‘zbekiston muaytay assotsiatsiya raisi Avazjon Karimov uchrashdi. Uchrashuvda S.Foks O‘zbekistonda muaytay sport turiga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar, sportchilarning jahon chempionatlarida erishayotgan yutuqlarini alohida ta’kidlab, buning uchun assotsiatsiya raisi A.Karimovga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, yaqin orada O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA