Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bokschilarimiz tantanali kutib olindi

Hindiston poytaxti Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan “India Open” xalqaro turnirida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 5 oltin, 2 kumush medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bokschilarimizni keng sport jamoatchiligi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali kutib oldi.
Mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida tanildi. Xususan, o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.
12.jpg
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorlanishi va munosib ishtirok etishi, terma jamoalarni yangi iste’dodlar bilan boyitishda muhim omil bo‘layotir.
Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi – AIBA tomonidan tashkil etilgan “India Open” xalqaro turnirida yigirma uch davlatdan yuzdan ziyod charm qo‘lqop ustasi sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdi.
14.jpg
Musobaqaning final janglarida Bobousmon Botirov, Bahodir Jalolov va Xudoynazar Fayzov hindistonlik Dinesh Kumar, Satish Kumar va Anvar Shayx Salmonni, Isroil Madrimov kubalik Osey Iglesias Estradani, Abdulhay Shorahmatov mo‘g‘ulistonlik Enx Amar Xarkuni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Sanjar Tursunov va Iqbol Xoldorov ikkinchi o‘rinni egalladi.
9.jpg
– Musobaqada g‘alaba qozonib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytganimizdan xursandmiz, – deydi Isroil Madrimov. – Turnirda har bir jang shiddatli o‘tdi. Kelgusi musobaqalarda ham mamlakatimiz sharafini bundan-da yuksaltirishga harakat qilamiz.

 

Javoxir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA