Ilm-fan va amaliyot integratsiyasi

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 17 avgustida o‘tkaziladigan “Ilm-fan va amaliyot integratsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasining samarali rivojlanish mexanizmi” xalqaro ilmiy-texnik konferensiyasi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur xalqaro ilmiy-texnik anjuman 2014 yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda. Konferensiyani o‘tkazishdan maqsad geologiya sohasida mehnat qilayotgan mutaxassislar o‘rtasida bahs-munozaralar olib borish va tajribalar, yangi qarashlar hamda gipotezalar almashish uchun sharoit yaratishdan iborat.
Konferensiyada Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kanada, Isroil, Turkiya, Xitoy, Tojikiston va Gruziya kabi xorijiy davlatlar vakillari va Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining geologik tashkilotlari, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Fanlar akademiyasining turdosh institutlari, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari mutaxassislarining ishtirok etishi kutilmoqda.
– Xalqaro anjumanda konchilik sanoatida zamonaviy hamda samarali usullardan foydalanish, o‘zlashtirilgan loyihalarni bosqichma-bosqich rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasidagi izlanishlar haqida fikr almashiladi, – deydi “Mineral resurslari instituti” davlat korxonasi direktori Shamsiddin Alimov. – Anjumanning sho‘ba majlislarida sohada fan va amaliyot hamkorligini kengaytirish, istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, xorijning yetakchi ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, foydali qazilma boyliklarining strategik muhim turlarini qidirish, baholash va razvedka qilish, geologiya qidiruv ishlari samaradorligini oshirishda texnologik izlanishlar kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilinadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar qiziqtirgan savollariga javob oldi.

 

Davron Sunnatov, O‘zA