Qadimgi Xorazm ossuariylari

I.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyida “Qadimgi Xorazm ossuariylari” nomli koʻrgazma tashkil etildi.
Muzey fondida saqlanayotgan eksponatlar, janubiy Orol boʻyidan topilgan arxeologik topilmalar bu yerda qadimdan yashab kelgan xalqlarning madaniyati, urf-odatlari, dini toʻgʻrisida guvohlik beradi. Qadimgi Xorazm tarixida zardushtiylik dini keng tarqalgan. Shu bois ham Xorazm zardushtiylik dinining vatani sifatida eʼtirof etiladi. Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” ham qadimgi Xorazm zaminida yaratilgan. Zardushtiylik dini keng tarqalgan davrda marhumlarning suyaklari ossuariylarga solib dafn etilgan.
Koʻrgazmadan oʻrin olgan ossuariylar oʻzining hajmi, tayyorlanish uslubiga koʻra bir-biridan tubdan farq qiladi. Ossuariylar keramika, tosh va alebasterdan ishlangan. Noyob ossuariylar Xoʻjayli tumanidagi Mizdakxon arxeologik kompleksi va Toʻkqalʼa tarixiy yodgorliklaridan topilgan.

 

Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA