Orolboʻyi yozuvchi-shoirlari ijodidan Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan

Mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan shoir-yozuvchilar va isteʼdodli yosh qalamkashlarning turli ijod namunalari eʼlon qilib borilishi moʻljallangan ushbu loyihaning bugungi mehmoni Qoraqalpogʻiston ijodkorlari.

Qoraqalpoq adabiyati hiqida soʻz borganda Jiyen Jirov, Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaq, Omar, Otesh shoirlarning ismlari hurmat bilan tilga olinadi.

Oʻtgan asrga kelib qoraqalpoq adabiyoti rivojiga Abboz Dabilov, Sodiq Nurimbetov, Jolmirza Aymirzoyev, Tileubergan Jumamuratov, Karamatdin Sultanov, Asan Begimov, Ibrohim Yusupov, Tulepbergen Kayipbergenov, Shaudirboy Seytov, Tulepbergen Matmuratov va boshqalar munosib ulush qoʻshdilar. Bu anʼanani Urozboy Abdurahmanov, Jiyenboy Izbosqanov, Gulaysha Yesemuratova, Guliston Matyakubova, Kenes Karimov, Muratboy Nizanov, Alpisboy Sultanov, Xalila Davletnazarov, Nabira Tureshova, Minayxon Jumanazarova, Guliston Davletova, Jumaniyaz Uteniyazov, Allanazar Abdiyev kabi yozuvchi-shoirlar davom etmoqda.

***

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Urozboy Abdurahmonov 1949-yil tugʻilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetida taʼlim olgan.

“Bir muhabbat tarixi”, “Qoʻni-qoʻshnilar”, “Qoʻl qoʻya koʻrma”, “Changalzor “paygʻambar”ining halokati”, “Orolim-dardim mening”, “Boʻsagʻa” kabi kitoblarning muallifi. “Oʻjar” komediyasi oʻttiz yilkisahnadan tushmay keladi. Shuningdek, oʻnlab badiiy va hujjatli filmlar yaratgan, jahon adabiyotining mumtoz namunalarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan.

ORTSANG, FILGA OGʻIR…

Urf-odat va udumlar haqida

Qoraqalpoqlarning eng quvonchli, eng ogʻir tashvishi – oʻgʻil uylantirish. Biz buni birovdan eshitmaganmiz, oʻzimiz boshimizdan oʻtkazganmiz.

Hech kimga sir emas, “qalin” muammosi hamon bizda yashab keladi. Fotiha oʻqilayotgan paytda kuyovtomon ramziy tarzda bisotida borini oʻrtaga tashlaydi. Katxudo esa qudagʻaylar tomonidan kelgan kiyim-kechaklar roʻyxatini dona-dona qilib, maroq bilan oʻqib beradi. Ikki oʻrtada kuyovtoʻra tomonning hamyoniga yohud katxudoning insofiga toʻgʻri kelmaydigan biron-bir muammo chiqib qolsa bormi, Xudo urdi deyavering: boʻlgʻusi oila inoqligiga shu lahzadan boshlab putur yetadi – arazning malomat toshlari yogʻila boshlaydi.

Endi ayting-chi, qoraqalpoq goʻzalining qadr-qimmatini qalin belgilaydimi? Xoʻsh, u qancha turadi?

Urf-odatga koʻra kesilgan bir narh yoʻq: kuyovtoʻraning imkonidan kelib chiqib, qalin oʻn ming soʻmdan toki cheksiz miqdorgacha boʻlishi mumkin. Toʻgʻri, hozir ziyoli va insofli oilalar qizlarining baxti uchun mana shu qalindan oʻzlari voz kechayotir, ammo bunday oilalar uncha koʻp emas.

Qalin toʻlandi, kuyovtoʻraning hamyoni boʻshab qoldi, deylik. Xoʻsh, endi toʻyni qanday oʻtkazish kerak? Toʻyga, albatta doʻstu yor, oshna-ogʻayni, qarindosh-urugʻ chaqiriladi. Toʻyga kelgan mehmonlar qavm-qarindoshligina qarab, qoʻnoq kutadigan xonadonlarga taqsimlanadi va kichik doirada bazm davom etadi.

Kechqurun esa ikki yoshning baxt toʻyi…

Endi harajatlarni hisoblaylik, qoʻnoq uchun oʻnlab xonadonlarda yozilgan dasturxonga noz-neʼmat, masalliq va ichimlik, tabiiyki, toʻyxonadan joʻnatiladi. Ozmuncha sarf-xarajatni tashkil etmaydi bu. Rost, ayrimlar kuyovtoʻraga yordam tariqasida oʻz hisobidan ham mehmon kutadi.

Xullas, bir amallab toʻyni oʻtkazdik ham, deylik, shu bilan olam gulistonmi? Yoʻq. Navbatdagi tashvish – toʻyga vaqtida ulgʻurib kela olmagan mehmonlarni kutish, haq berish kerak. Hamma-hammasi oʻtgach, qarz olingan toʻy xarajatlarini uzush boshlanadi. Qarindosh-urugʻ, oshna-ogʻayni, albatda, yordam beradi, shu bilan birga, toʻyga tushgan toʻyona xarjlanadi, lekin aksariyat hollarda qarzni qoplamaydi bu! Oqibatda navqiron oila mustaqil hayotning dastlabki kunidan tirikchilik tashvishiga giriftor boʻladi.

Lekin, hamma toʻylar oqibati ham bir xil boʻlavermaydi.

Endi hammaning boshida boʻlgan musibat udumini olaylik.

– Noming oʻn harfdan iborat-u, aytar tilga ogʻir, uduming shuncha koʻp-u, ortsang, filga ogʻir! – degan edi shoir Ibrohim Yusupov qoraqalpoq haqida.

Darhaqiqat, dafn marsimi Qoraqalpogʻistonning har joyida harxil. Aytaylik, Beruniy tumanida moʻmin olamdan oʻtgach, bir kun ichida dafn etishsa, Taxtakoʻpir tumanida marhumni ikki-uch kun, hatto undan ortiq muddat dafn etishga shoshilmasdan kutish hollarini koʻrish mumkin. Beruniyda marhum dafn etilmaguncha birov taomga qoʻl urmaydi, orqa tumanlarda esa, dafn marosimiga qadar mol soʻyilib, qozon osiladi.

Dafn marosimi ham oiladan ancha xarajat talab qiladi. Lekin udum-udum-da. Boshiga musibat tushgan kishiga bir nima deyish qiyin, ammo ovul oqsoqollari oʻz kengashlarida shuni koʻrib chiqsa, elga juyali maslahat bersa, ortiqcha xarajat qilishning oldini olish mumkin. Hatto buning uchun ovuldagi eng moʻtabar oqsoqolning: “Bas qilinglar!”, – deyishi ham kifoya. Chunki bu ham, pand-nasihat va har ishga bosh boʻlish, fotiha berish ham udumimizga kiradi.

Men Toshkent, Samarqand va Andijondadoʻstlarimning toʻylarida koʻp boʻlganman. Yoshi ulugʻlar yoshlar bilan birga, hovlidagi uzun stol atrofida toʻyga fayz kiritib oʻtirganini koʻp koʻrganman. Tuy marosimi, umuman olganda, uch-toʻrt soatdan oshmaydi.Shuni koʻrib, xayolimga bir uy kelgan: nega endi biz hamon tuyni ikki qismga boʻlib, yoshlarni alohida, boshqalarni alohida oʻtkazamiz? Toʻy tantanasini toʻyxonada boshlaymiz-u, bu yetmagandek, keyin restoranda davom ettiramiz? Nega? Axir, yaxshi anʼanalarni oʻrganish, hayotga tatbiq etish foydadan holi emas-ku!

Qoraqalpoqda bir odat bor: kelin bilan kuyov toʻngʻich farzandini suymasdan turib, kuyovning ota-onasiga uzatadi. Nevara buva bilan buvisining tarbiyasida boʻladi.Shu bois, toʻngʻich oʻgʻil bilan ota orasida, koʻpincha, aka-ukalik munosabati tugʻiladi.

Xoʻsh, bu nimani anglatadi?

Ota oʻz oʻgʻliga vaqtida berib ulgurmagan donolikni nevarasiga berishi-otadan bolaga qoladigan maʼnaviy merosning izchilligini saqlash uchun shunday qilinadi. Agar shu udum boʻlmaganida xalqimiz koʻp narsani yoʻqotgan boʻlardi.

Demak, oqsoqollar bilan yoshlarning bazmini bir joyda oʻtkazib, kamtarona toʻy bersak, ortgan mablagʻni yangi oilani oyoqqa qoʻyishga, uyli-joyli qilishga sarflasak, oʻgʻil-qizimiz ham, ota-onamiz ham rozi boʻlardi…

Albatda, toʻyni risoladagidek oʻtkazasiz, deya andoza yaratish qiyin, lekin “Toʻy mana mundoq boʻladi!”, deb namuna koʻrsatish, shunga amal qilish mumkin, va bu juda ham zarur.

Shunda har bir toʻy rozi-rizolikka, xalqimizning kichik bayramiga aylangan boʻlarmidi…

2000-yil.

***

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Xalila Davletnazarov1952-yili tugʻilgan. Nukus davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.

“Xat”, “Sen menga keraksan”,“Sen yaxshi qizsan”, “Oshiq boʻlmagan kim bor”, “Xoʻsh qol, yoshligim”, “Alvido, muhabbat, alvido”, “Doʻst boʻlish har kimning qoʻlidan kelmas”, “Oshiq boʻlib yashang” kabi sheʼriy kitoblari muallifi. Ayni kunda Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi nashri – “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri fazifasida ishlamoqda.

QORAQALPOQ TUPROGʻI

Elga ergash, xalqul bergin qoʻlingni,

Istiqbol yoritar umring, yoʻlingni,

Bunda ne koʻkarsa—bari boʻlimli,

Asl tuproqdir Qoraqalpoq tuprogʻi.

Eski Jayhun boʻyi-makon, turogʻa,

Oʻzligidan soʻylar har naqsh, qurogʻi,

Uzoq ketsang tortar mehrigiyoday,

Mehr tuprogʻi Qoraqalpoq tuprogʻi.

Oqshom Oy, kunduz Kun nuri toʻkilgan,

Tillardan shajara duri toʻkilgan,

Sir chertadi toshbitik-Qul Tegindan,

Qadimtuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Shoir-jirovlari doston oʻqiydi,

Qalbini zamona qushi choʻqiydi,

Dunyoning koʻp saboqlarin oʻqiydi,

Sirli tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Soʻzlar-ohang bilan toʻlqinlangan soʻz,

Baxshisida kumush mavjli xushovoz,

Qizlarida shuncha suluvlik va noz,

Goʻzal tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Bu yerning yuziga koʻp tushgan ajin,

Xalq deb shahid ketgan Ollayor, Najim,

Har avlod bosh egib qiladi taʼzim,

Ulugʻ tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Bobolar bu yurtni qoʻrgʻagan chogʻi,

Koʻp yonib, goh uchdi umid chirogʻi,

Qancha chinorlarni yoʻqotdi bevaqt,

Dardli tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Yedigening ot oʻynatgan yerlari,

Ernazarning qat-qat yurak zorlari,

Navroʻz, Pirjon, Matekeday erlarni,

Ujar qilgan Qoraqalpoq tuprogʻi.

Tulporday toplangan, burgutday tulab,

Yana kim buningdey shimarlar bilak,

Dunyoga bir kelgan Kamol Qallibek,

Surma tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Bu tuproq koʻplarga boʻldi chin Ona,

Ibrohim, Toʻleklar oʻqib hamd-sano,

Pirlarni bor qilgan xalqga tasanno,

Qutlugʻ tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Koʻp yigʻib olinib elning qaymogʻi,

Koʻp qulob-tiklangan elning qaymogʻi,

Orzu-umid sutin emgan oylari,

Armon tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Nari boravermay, qaytaylik beri,

Kon-maʼdan qir-adir, eshigi-toʻri,

Mendeleyevning barcha elementlari,

Jaylashgan makondir bu yurt tuprogʻi.

Bunda ne sinoat? Bor qanday siri?

Ustma-ust qorilmish yer-suv-kun nuri,

Mehrigiyo-oddiy buyon tomiri,

Shifo tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Tuxum olib uchgan shamollar, yellar,

Bilgan odam zamin qaddin fahmlar,

Koʻkdan bir shohiy urilgan damlar,

Vali tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Marjon mevalari shirindan shirin,

Koʻkragimda mumday balqiydi mehrim,

Manglayidan bir-bir keladi suygim,

Qizgin tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

Bunda dupur solar davru davronlar,

Koʻch tuzaydi doʻstlik degan karvonlar,

Xalqni quvontirar asl xirmonlar,

Suluv tuproq Qoraqalpoq tuprogʻi.

2016-yil.

P.S.: Ushbu loyihada mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan shoir-yozuvchilar va isteʼdodli yosh qalamkashlarning turli ijod namunalari eʼlon qilib boriladi.

Loyihaning ushbu sonini

Dovud Abibullayev tayyorladi.

 

OʻzA