Toshkentda 31-oktyabr – 1-noyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tomonidan “Terrorizmga qarshi kurash – chegara bilmas hamkorlik” mavzusida oltinchi xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Unda SHHTga aʼzo, kuzatuvchi va muloqot boʻyicha sherik mamlakatlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar – BMTning maxsus tuzilmalari, SHHT Kotibiyati, MDH tarmoq boʻyicha hamkorlik organi (Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi kengashining Muvofiqlashtiruvchi xizmati), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Interpol, Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va boshqa qator tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada ishtirokchilar global va mintaqaviy miqyosda xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashning hozirgi holati, dinamika va tendensiyalari xususida fikr almashdi. Dunyo hamjamiyati rivojlanishda keskin burilish bosqichini boshdan kechirayotgani va bu jarayonda qator mintaqalarda terroristik xavf-xatar va nizolar kuchayib borayotgani qayd etildi. Qatnashchilar har qanday koʻrinishdagi terrorizmni qoralashi va xalqaro terrorizmga qarshi kurash va anksilterror hamkorlik BMT Nizomi tamoyillari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga qatʼiy amal qilib, vaziyatni siyosiylashtirmasdan, ikkilangan standartlardan foydalanmagan holda amalga oshirilishi, bu jarayonda BMT va uning Xavfsizlik kengashi markaziy muvofiqlashtiruvchi boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Qator mintaqalar, birinchi navbatda Yaqin Sharq va Afgʻonistonda vaziyatning keskinlashishi bilan bogʻliq yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotgani qayd etildi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashni roʻkach qilgan holda, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, terroristik va ekstremistik guruhlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanish yoqlanmasligi taʼkidlab oʻtildi.

“Islom davlati” deb nomlanuvchi xalqaro terrorchilik tashkiloti tomonidan Yevropa, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda terrorizm oʻchoqlarini yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga eʼtibor qaratildi.

Suriya Arab Respublikasidagi terrorizm oʻchoqlarini yoʻq qilish asnosida oʻz yurtiga qaytarilayotgan jangari-terrorchilarga qarshi kurash muammosi dolzarb ahamiyat kasb etib, bu oʻz vaqtida maʼlumot almashish va yuqorida qayd etilgan toifaga mansub kishilarga nisbatan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalarida xalqaro hamkorlikni faollashtirishni talab etadi, degan yakdil fikrga kelindi.

Afgʻonistonning chegaraoldi viloyatlarida aksariyati SHHTga aʼzo davlatlar fuqarolari, jumladan, Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan jangarilardan iborat “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti aʼzolari toʻplanayotgani tashvish uygʻotmoqda. Ishtirokchilar Afgʻonistonning terrorizmga qarshi kurash boʻyicha saʼy-harakatlariga koʻmaklashishga tayyorlik bildirib, afgʻon xalqining oʻzi tomonidan mamlakatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi butun mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Internet tarmogʻidan terroristik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurash boʻyicha tajriba almashildi. Internet orqali terroristik va ekstremistik mafkura targʻibotining oldini olish, bu illatlarga daʼvat qilish, shuningdek, odam yollashga qarshi xalqaro hamkorlikni takomillashtirish zarurati qayd etildi.

Konferensiyada terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash boʻyicha oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan BMT Bosh Assambleyasi, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari va Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning xalqaro standartlari ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish muhimligi qayd etildi.

Oʻz vaqtida axborot almashish, terroristlarni izlab topish, chegaraoldi hududlarda nazoratni kuchaytirish, antiterror boʻlinmalari uchun kadrlar tayyorlash, aksilterror oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish, bu boradagi xalqaro hamkorlikning meʼyoriy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish taklif etildi.

Yaqqol transmilliy tus olgan terrorizm faollashib borayotgan sharoitda mazkur konferensiyaning oʻtkazilishi dunyo hamjamiyati saʼy-harakatlarini birlashtirish hamda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Alohida sessiya doirasida Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasining aksilterror faoliyatni amalga oshirish jarayonida xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilishni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Konferensiya ishtirokchilari anjuman yuksak darajada tashkil qilinganini eʼtirof etib, SHHT MAT Ijroiya qoʻmitasiga yaratilgan qulay ish sharoiti uchun minnatdorlik bildirdi.

 

OʻzA