Shavkat Mirziyoyev: Biz uchun bolalarimizning maʼnaviyati, bilimi, sogʻligi eng muhim masala

Shavkat Mirziyoyev: Biz uchun bolalarimizning maʼnaviyati, bilimi, sogʻligi eng muhim masala

Davlatimiz rahbari joylarga tashrifi chogʻida yosh avlod tarbiyasining birlamchi va muhim boʻgʻini sifatida maktabgacha taʼlim tizimini yuksaltirish, bogʻchalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni mohir pedagoglar bilan taʼminlash, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Joriy yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi.

Maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish borasida Toshkent shahri Yunusobod tumanida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tumanning Bogʻishamol mahallasida joylashgan “Sevinch” nomli 74-maktabgacha taʼlim muassasasi bolalar uchun haqiqiy orzular maskaniga aylandi. Boisi 1976 yili qurilgan maktabgacha taʼlim muassasasi joriy yilda tubdan taʼmirlanib, Prezidentimiz tashrifi arafasida foydalanishga topshirildi.

275 oʻrinli muassasasining mashgʻulot xonalari bolalar tarbiyasi uchun zarur, bejirim va qiziqarli inventarlarga boy. Oshxona va sport zali yangidan qurilgan.

Muassasa innovatsion texnologiyalar asosida jihozlangan boʻlib, mamlakatimizdagi ilk “aqlli bogʻcha” hisoblanadi. Bu yerda bolalar xavfsizligi taʼminlash maqsadida keluvchilarni nazorat qilish uskunasi, har bir xonaga domofon oʻrnatilgan. Ota-onalar farzandi qaysi guruhida boʻlsa, shu xonani bogʻlovchi tugmani bosgandan soʻng tarbiyachi bolani olib chiqib beradi. Binoga kiraverishda qoʻyilgan tablodan bolaning oʻz guruhiga kirganini koʻrish, har bir guruhdagi mashgʻulotni onlayn kuzatish mumkin.

Ichkarida zina va xonalarga ishlangan rangli belgilar, tafakkurga undovchi rasmlar bolalarni rang bilish, sanashga oʻrgatadi. Yoʻl koʻrsatuvchi rangli chiziqlar orqali kichkintoylar oʻz guruhini topib boradi.

Har bir mashgʻulot xonasida “Ilk qadam” dasturi asosida ishlab chiqilgan multimedia tajriba-sinov dasturiga ega monitorlar oʻrnatilgan. Bu dasturdagi turli sohalarga oid suratlar, interfaol oʻyinlar yordamida bolalarning bilim va koʻnikmasi shakllantiriladi.

Adliya vazirligi buyurtmasi asosida “Sotol systems” kompaniyada ishlab chiqilgan ushbu dastur onlayn tarzda ishlaydi. Uni ota-onalar ham oʻyali telefoniga yuklab olib, uyda televizor orqali shugʻullanishi mumkin.

Davlatimiz rahbari bogʻchada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, tarbiyachilar bilan muloqot qildi.

Biz uchun bolalarimizning maʼnaviyati, bilimi, sogʻligi eng muhim masala. Shuning uchun davlat tomonidan maktabgacha taʼlimga katta eʼtibor berilyapti va bu hali boshlanishi. Sizlarning vazifangiz bolalarning koʻzidagi nurni ilgʻab olish, ularga yaxshi tarbiya berish, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbariga Toshkent shahridagi maktabgacha taʼlim muassasalarining holati va ularni rivojlantirishga oid loyihalar haqida maʼlumot berildi. Prezidentimiz bu boradagi takliflarni maʼqullab, davlat xususiy sheriklik asosida yangi bogʻchalar qurish, bolalarni qamrab olishni kengaytirish va kelgusida yuz foizga yetkazish zarurligini taʼkidladi.

Shu yerda Janubiy Koreyaning Puchon universiteti rahbarlari bilan videokonferensiya orqali muloqot qilindi.

Prezidentimiz bogʻcha tarbiyalanuvchilariga sovgʻalar berdi.

photo5375503754423544311.jpg
photo5375503754423544312.jpg
photo5375503754423544313.jpg
photo5375503754423544314.jpg
photo5375503754423544315.jpg
photo5375503754423544316.jpg
photo5375503754423544317.jpg
photo5375503754423544318.jpg
photo5375503754423544319.jpg

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA

  29.10.2018, 09:48  |    556 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!