Buxoroning sayyohlik salohiyati namoyishi

Buxoroda “Buxoro shahri kuni” va “Buxoro hunarmandlari kuni” festivallari boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi “2017-2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻtkazilgan festivallar Buxoro viloyati hokimligi tomonidan turli tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Viloyatda turizmni rivojlantirishda uning ulkan madaniy meros obyektlari va azaldan dunyoga mashhur hunarmandlik sanʼati alohida ahamiyatga ega. Ikki yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan ushbu festivallar “Ipak va ziravorlar” hamda “Qovun sayli” tadbirlari qatorida vohaning sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Bayram tantanalari Koʻhna Ark qoʻrgʻoni oldidan Labi hovuzga tutash Nodir Devonbegi madrasasiga qadar boʻlgan bir yarim kilometrlik masofada boshlandi. Buyuk ipak yoʻli markazlaridan boʻlgan Buxoro shahrining oʻsha davrlardagi manzaralari, olis kentlardan yoʻl olgan karvonlar kirib kelishi gavdalantirilgan teatrlashtirilgan tomosha shaharliklar va mehmonlarni katta bayram davrasiga chorladi.

7.jpg

8.jpg
Ochilish marosimida Buxoro shahar hokimi K.Kamolov va Buxoro shahri bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatgan turli xorijiy shaharlar vakillari ushbu festivallar iqtisodiy va turizm sohasidagi munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbirlar shaharning tarixiy qismi asosiy hududlarini qamrab oldi. Butun hudud boʻylab folklor jamoalarining chiqishlari vohaning oʻziga xos urf-odat va anʼanalariga monand kuy-qoʻshiqlar yangradi, raqslar ijro etildi.

Buxoro oʻzining gilamchilik, zardoʻzlik, zargarlik, kashtachilik, temirchilik, mis va yogʻoch oʻymakorligi maktablari bilan mashhur. Tadbir doirasida joylarda xalq hunarmandchiligi mahsulotlari namoyish etilishi barobarida qiziquvchilar uchun ustalar tomonidan mahorat darslari ham oʻtkazildi.

Kurash musobaqalari, milliy xalq oʻyinlari, dorbozlar, tosh koʻtaruvchilar oʻz chiqishlari bilan tomoshabinlarni xushnud etdi.

– Qariyb 100 yil ilgari Buxorodan hozirgi Isroil hududiga koʻchib ketgan ota-onamdan shahringiz tarixi, bu yerdagi qadimiy meʼmoriy yodgorliklar haqida koʻp eshitganman, – deydi tadbir ishtirokchisi, Tel-Aviv shahridan kelgan sayyoh Igal Moshayev. – Buxoroga sayohat qilgan yurtdoshlarim aytib bergan uning bugungi hayoti, saqlanib qolgan qadriyatlari haqidagi hikoyalar meni bu shahar bilan tanishishga undadi. Qarang, sayohatim mana shunday festivallarga toʻgʻri kelib qolibdi. Tarixiylik va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar meni hayratda qoldirdi. Milliy ruh, milliy tafakkur guldastasidan bahramand boʻlayapmiz. Aytgancha, meni va yurtdosh doʻstlarimni bu yerda oʻtkazilgan “Buxoroning shohona taomi” koʻrik-tanlovi dasturxoniga, palovga taklif etishdi. Oʻziyam ajoyib osh boʻlibdi. Turli ziravorlar solingan palov taʼmini uzoq vaqt unutolmasak kerak. Osh va boshqa milliy taomlar turizmning tarkibiy qismiga kiruvchi gastronomik ahamiyatliyoʻnalish hisoblanadi.

Festival doirasida Buxoro shahrining vohada turizmni rivojlantirishdagi roli masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan ilmiy-amaliy anjuman soha mutaxassislarida katta qiziqish uygʻotdi. Unda Buxoroning jahon tamaddunida tutgan oʻrni, hudud milliy meʼmorchilik sanʼatining oʻziga xos jihatlari, milliy qadriyatlar, qadimiy shahar tarixini oʻrganishga ilmiy yondashuvlar haqida soʻz yuritildi. Ayni paytda turizm sohasi kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish, gastronomiya, yaʼni vohaning milliy taomlari, u bilan bogʻliq etnografik masalalarni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga ham eʼtibor qaratildi.

Ijodkorlarning “Buxoro mening qalamimda” sheʼr va maqolalar tanlovi, Buxoro shahri taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan insholar tanlovi, “Buxoro – ochiq osmon ostidagi muzey” shiori ostida tashkil etilgan rasmlar koʻrgazmasi, “Buxoro – Sharq gavhari” shiori ostidagi foto va videoroliklar tanlovi ayni ana shu maqsadga xizmat qildi.

11.jpg

12.jpg
Joriy yilning toʻqqiz oyida Buxoroga 230 mingdan ziyod xorijlik sayyoh keldi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 barobar koʻpdir. Turizm sohasi industriyasi tarmoqlari va xizmat koʻrsatish imkoniyatlari kengayayotgani ana shunday yutuqlarda muhim omil boʻlmoqda. Viloyatda ibrat boʻlayotgan soha subyektlari talaygina.

“Eng yaxshi mehmonxona” tanlovida “Rangrez” va “Eng yaxshi turistik tashkilot” tanlovida “Anor Travel” sayyohlik firmalari gʻolib sifatida taqdirlandi.

Bayram doirasida boshqa koʻplab tadbirlar ham oʻtkazildi. Festivallar ona yurt, tinchlik, doʻstlik va ezgulikni tarannum etuvchi katta konsert dasturi bilan yakunlandi.

Tadbirning yopilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi.

 

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), OʻzA