Joriy yilning 28-oktyabr – 1-noyabr kunlari mamlakatimizda “Oʻzbekiston-Rossiya forumi. Hamkorlik, tashabbus va innovatsiya” festivali boʻlib oʻtadi.

photo5370676730873883099.jpgTadbirkorlik sohalari, ommaviy axborot vositalari hamda turizm industriyasi hozirgi kunda yoshlarni qiziqtirgan yoʻnalishlardan hisoblanadi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ushbu tarmoqlarni yanada takomillashtirish zarur. Buni davrning oʻzi ham taqozo etmoqda. Ushbu sohalar yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan boʻlib, ayniqsa, mamlakatimizning har bir hududi oʻziga xos turistik jozibaga ega. Shunday ekan, nega tarixiy va zamonaviy shaharlarimizni dunyoga koʻz-koʻz qilmasligimiz kerak? Qolaversa, ikki mamlakat yoshlarining bu kabi festivallarda tez-tez uchrashuvi va doʻstlashuvi davlatlar istiqbolini belgilashi ham hech kimga sir emas. Bugungi yoshlar kelajakda davlatning muhim boʻgʻinlaridan oʻrin egallaydi. Demak, ularning bilimini oshirish, dunyo mamlakatlari yoshlari bilan doʻstligini taʼminlash, oʻz yurtimiz tarixi va qadriyatlarini chuqur oʻrganishi uchun bugun harakat qilishimiz lozim. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilayotgan ushbu festivalning maqsadi ham shu aslida.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 18-19 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻldi. Davlat rahbarlari uchrashuvi chogʻida kelishilgan koʻp tomonlama hamkorliklar ikki davlat oʻrtasidagi manfaatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Aynan shunday kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston-Rossiya forumi. Hamkorlik, tashabbus va innovatsiya” festivali joriy yilning 28-oktyabridan 1-noyabriga qadar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Rossiya yoshlar ittifoqi hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur tadbirda ikki mamlakat yoshlari turizm, ommaviy axborot vositalari hamda tadbirkorlik sohalari doirasida oʻzaro malaka almashadi. Bundan tashqari, yurtimiz turistik salohiyatini namoyon etadigan sayohatlar, hunarmandlar koʻrgazmalari, milliy kuy va raqslarga boy madaniy dasturlar ham festivaldan oʻrin egallagan. Turizm, tadbirkorlik va ommaviy axborot vositalari borasida soʻz yuritiladigan ilmiy-amaliy anjumanlar esa ikki mamlakat yoshlarining malakasini oshirishga, oʻzaro tajriba almashishiga samarali platforma boʻla oladi.

Ushbu festivalni munosib tashkil etish uchun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqida qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Besh kun davom etadigan festivalning dastlabki kunida Toshkent shahri boʻylab ekskursiya dasturi, jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasiga ziyorat, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi rahbariyati bilan uchrashuv, festivalning rasmiy ochilish marosimi va turli madaniy tadbirlar oʻtkaziladi.

Dilfuza Sobirova,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
qoshidagi Yoshlar media markazi
Matbuot va internet boʻlimi mudiri

 

 

OʻzA