Oʻzbekiston Prezidenti Toj Mahal meʼmoriy obidasini ziyorat qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonga tashrifini Agra shahridan boshladi.

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan ushbu shaharda joylashgan jahonga mashhur Toj Mahal meʼmoriy obidasini ziyorat qildi.

Dunyoning yetti moʻʼjizasidan biri, deb yuritiluvchi mazkur yodgorlik Zahiriddin Muhammad Bobur avlodi Shoh Jahon tomonidan 1632-1653 yillarda bunyod etilgan. Boburiylar merosi boʻlgan ushbu yodgorlik oʻzbek va hind xalqlarining tarixi mushtarakligi, ikki mamlakat aloqalari mustahkam asosga ega ekani ifodasidir.

Shoh Jahonning hukmronlik yillari Hindistonda boburiylar saltanatining eng gullagan, oltin davrlari hisoblanadi. U mamlakatda ilm-fan rivoji, bunyodkorlik, maʼmurchilikka katta eʼtibor qaratgan. Agradan tashqari Dehlida ham koʻplab inshootlar, masjidlar qurdirgan. Ushbu obidalar ichida Toj Mahal yaratilish tarixi, goʻzalligi, jahon meʼmorlik sanʼatining eng betakror anʼanalarini mujassam etgani bilan alohida ajralib turadi. Jamna daryosi boʻyida qad rostlab turgan maqbara-yodgorlik qurilishida hind, oʻzbek, fors, turk, arab va ayrim Yevropa mamlakatlaridan usta-meʼmorlar, binokorlar ishtirok etgan.

Dunyoda tengi yoʻq mazkur obida boburiylar saltanati bunyodkorligining goʻzal namunasi sifatida mana necha asrdirki insoniyatni hayratlantirib kelmoqda. Shu bois bu yerdan turli mamlakatlardan kelgan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Bu yerga har yili qariyb 5 million turist keladi.

Prezidentimizning Hindistonga davlat tashrifini ushbu majmua ziyoratidan boshlashida oʻziga xos maʼno bor. Ajdodlar merosi va qadriyatlarini eʼzozlash xalqlarimiz uchun birdek xos boʻlib, bu milliy oʻzlikni anglash, buyuk ajdodlarimizning yuksak salohiyatini chuqur oʻrganish va jahon miqyosida targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqbara ziyorati chogʻida Qurʼon tilovat qilindi.

Shavkat Mirziyoyev hindistonlik rasmiylar bilan muloqotda Oʻzbekistonda ham qadimiy obidalar, muqaddas ziyoratgohlar koʻpligi, ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlar bordi-keldisini kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Davlatimiz rahbari Nyu-Dehli shahriga joʻnab ketdi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA