O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda jamg‘armaning (Germaniya) mamlakatimizdagi vakolatxonasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Memorandumda xorijiy mamlakatlarning parlament faoliyatiga oid qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va tajribasi haqidagi ma’lumotlar bankini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

– Qonunchilik va parlamentarizm muammolari, qonunchilik samaradorligini, qabul qilinayotgan qonunlar sifatini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish, O‘zbekiston va Germaniya olimlari, mutaxassislari ishtirokida ilmiy anjumanlar, konferensiya, simpoziumlar tashkil etish orqali aloqalarni yanada mustahkamlashni maqsad qilganmiz, – dedi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti yetakchi ilmiy xodimi Sherzod Xudoyberganov.

Memorandumda xorijiy mamlakatlarning eng ilg‘or elektron axborot-kutubxona resurslariga ulanish yuzasidan ko‘maklashish, Germaniyaning tahliliy markazlariga, Bundestag va uning ilmiy markaziga xizmat safarlarini tashkil etish, tadqiqot markazlari bilan tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatish kabi masalalar ham belgilab olindi.

– Jamg‘armaning asosiy maqsadi O‘zbekiston davlat organlari va jamoat tashkilotlarining maqsad va vazifalarini bajarishida tahliliy ko‘mak ko‘rsatish, shu jumladan, birgalikda tadbirlarni tashkil etish, xorijiy ekspertlar va mutaxassislarni mazkur tadbirlarga jalb etishdan iborat, – deydi Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi mintaqaviy direktori Xenriyette Kifer. – Biz o‘zaro hamkorlik aloqalarimiz yanada rivojlanayotganidan xursandmiz va institut vakillariga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.

 

Inobat Ahatova, O‘zA