O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 15 iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022 yil 13 sentyabrda ma’qullangan

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati doirasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu islohotlar doirasida pensiya tizimini takomillashtirishga, pensiyalar miqdorini muntazam oshirib borishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, fuqarolarning ovoragarchiligini bartaraf etish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, shuningdek qonunchilik bazasini takomillashtirish maqsadida fuqaroning 2005 yil 1 yanvardan avvalgi davr uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanishi, pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanishi va to‘lanishi, uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiyalarning tekshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtidagi qo‘shib hisoblanadigan ish staji davri ikki barobarga, ya’ni uch yildan olti yilga oshirilganligi pensiya tizimi islohotidagi muhim qadamlar bo‘ldi.

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish hamda fuqarolarning pensiya miqdorlari mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga muvofiq izchil oshirib borilishini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ushbu Qonunda yoshga doir, nogironlik hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng ko‘p miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirish nazarda tutilmoqda.

Qonunda taklif etilayotgan yangi normalar pensionerlarning moddiy farovonligini yanada oshirishga va ijtimoiy adolat prinsiplarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi 938-XII-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 9, 338-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, № 12, 269-modda; 1997 yil, № 4-5, 126-modda; 1998 yil, № 9, 181-modda; 1999 yil, № 5, 112-modda; 2001 yil, № 5, 89-modda; 2002 yil, № 4-5, 74-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005 yil, № 5, 152-modda; 2007 yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008 yil, № 12, 640-modda; 2010 yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012 yil, № 1, 4-modda; 2013 yil, № 10, 263-modda; 2014 yil, № 12, 341-modda; 2016 yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018 yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019 yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda, № 11, 792-modda, № 12, 880-modda; 2020 yil, № 11, 652-modda; 2021 yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022 yil, № 2, 79-modda, № 5, 464-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:

1) 27-moddaning ikkinchi qismidagi«o‘n» degan so‘z «o‘n ikki» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) 31-moddaning oltinchi qismidagi«o‘n» degan so‘z «o‘n ikki» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

3) 66-moddaning uchinchi qismidagi«Aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi jamg‘arma» degan so‘zlar «O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ushbu Qonun 1-moddasining 1 va 2-bandlari2023 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti            Sh. MIRZIYOEV

Toshkent sh.,

2022 yil 19 sentyabr,

O‘RQ-791-son