O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Milliy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish hamda ularni ot sportiga keng jalb etish, mamlakatimizda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Milliy gvardiya huzurida Qorabayir otlari mahorat maktabi tashkil etilsin.
Surxondaryo viloyati, Termiz tumani, Yangiobod mahallasi hududidagi 64,6 ga yer maydoni bino va inshootlari bilan birga Milliy gvardiyaning balansiga o‘tkazilsin va unda Qorabayir otlari mahorat maktabi joylashtirilsin.
Milliy gvardiya (R.Djurayev), Surxondaryo viloyati hokimligi (T.Bobolov) va O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi (B.Gaziyev) Qorabayir otlari mahorat maktabi faoliyatini 2021 yil 1 октябрдан boshlab to‘liq yo‘lga qo‘ysin.
Surxondaryo viloyati hokimligi (T.Bobolov) ikki oy muddatda Qorabayir otlari mahorat maktabi otlariga ozuqa bazasini yaratish maqsadida 100 ga sug‘oriladigan yer maydonini belgilangan tartibda ajratish choralarini ko‘rsin.
2. Quyidagilar Qorabayir otlari mahorat maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
yosh avlod chavandozlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan milliy ot sporti musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazishda Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish hamda milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan Qorabayir zotli otlar bosh sonini ko‘paytirish;
Qorabayir zotli otlarni saqlash va sifatli veterinariya xizmati ko‘rsatish ishlarini yaxshilashga ko‘maklashish, shuningdek, jahon bozorida ot zotlari orasida Qorabayir ot zotining raqobatbardoshligini ta’minlash;
aholining keng qatlamini, ayniqsa yoshlarni, Qorabayir otlari mahorat maktabidagi seksiya va klublarga jalb etish.
3. Qorabayir otlari mahorat maktabi xodimlarining cheklangan soni 50 nafardan iborat tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Qorabayir otlari mahorat maktabining shtat birliklari (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) Milliy gvardiyaga ajratilgan umumiy shtat birliklari doirasida shakllantiriladi;
Qorabayir otlari mahorat maktabining direktori lavozimi ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchi bilan jamlanuvchi lavozim sifatida belgilanadi hamda mazkur lavozim uchun 16,3 tarif razryadi va “podpolkovnik” harbiy unvon pog‘onasi o‘rnatiladi;
Qorabayir otlari mahorat maktabining rahbar xodimlari, instruktor-metodistlari, trener-o‘qituvchilari va tibbiyot (veterinariya) xizmati, usta-chavandoz, ot parvarishlovchi va taqachi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularning mehnatini moddiy rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularning mehnatini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi;
Qorabayir otlari mahorat maktabining moddiy-texnika bazasini dastlabki mustahkamlash, jumladan, texnika, anjomlar va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlash Surxondaryo viloyatining mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Qorabayir otlari mahorat maktabining moddiy-texnika bazasini keyinchalik mustahkamlash va uning moliyaviy ta’minoti (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal xizmatlar, otlarga ozuqa va dori-darmonlar sotib olish hamda boshqa xarajatlar) Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Qorabayir otlari mahorat maktabining hamda uning seksiya va klublari faoliyatini tashkiliy-metodik ta’minlash Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi;
Qorabayir otlari mahorat maktabi uchun Qorabayir zotli otlar O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutaxassislarining xulosasiga asosan tanlab olinadi.
Qorabayir otlari mahorat maktabiga o‘z faoliyati ixtisosligi bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan maktabning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga ruxsat berilsin.
5. Surxondaryo viloyati hokimligining Qorabayir otlari mahorat maktabida shug‘ullanuvchilar keyinchalik bepul foydalanishlari uchun Qorabayir zotli otlarni Surxondaryo viloyatining mahalliy byudjeti va harbiy-ma’muriy sektorlarning mablag‘lari hisobidan sotib olish tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
6. Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasining:
Surxondaryo viloyatini respublikada Qorabayir zotli otlar naslchiligi va sportini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi hudud sifatida belgilash;
Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida Qorabayir zotli otlardan foydalanishga ixtisoslashgan seksiya va ot sporti klublarini tashkil etish hamda yuqori malakali trenerlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Surxondaryo viloyati hokimligi (T.Bobolov) ikki oy muddatda viloyatning tumanlarida Qorabayir zotli otlardan foydalanishga ixtisoslashgan seksiya va ot sporti klublarini tashkil etish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlariga bepul foydalanish uchun tegishli bino va inshootlarni taqdim etsin, zarur hollarda, mazkur bandni amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi:
bir oy muddatda Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish uchun kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;
Milliy gvardiya, manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassis-chavandoz, instruktor-chavandoz va boshqa xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirishni tashkil etsin;
Qorabayir otlari mahorat maktabini malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, zarur o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash, shuningdek, o‘quv-mashq jarayonini lozim darajada tashkil etish uchun o‘quv binolarini jihozlashning zarur choralarini ko‘rsin;
ikki oy muddatda Qorabayir otlari mahorat maktabi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmat ko‘rsatish tartibini mazkur xizmatlar hajmini ko‘rsatgan holda tasdiqlasin;
har yili “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida Surxondaryo viloyatida Qorabayir zotli otlar ishtirokida xalqaro chavandozlar musobaqasini o‘tkazsin;
har yili Qorabayir zotli otlar ishtirokida milliy ot sporti turlari, zamonaviy beshkurash, polo bo‘yicha mahalla, tuman, viloyat va respublika miqyosida musobaqalar tashkil etsin;
2022 yil 1 yanvarga qadar Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida Qorabayir otlari mahorat maktabining seksiya va klublarini tashkil etsin.
8. Moliya vazirligi (T.Ishmetov):
2021 yilda Milliy gvardiyaning asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha Qorabayir otlari mahorat maktabini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ta’minoti uchun Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratsin;
2022 yildan boshlab har yili Davlat byudjeti parametrlarida ushbu qaror doirasida Qorabayir otlari mahorat maktabi moliyaviy ta’minoti hamda uni moddiy-texnik jihozlash, shu jumladan, otlarni parvarishlash uchun zarur bo‘lgan byudjet mablag‘larini nazarda tutsin.
9. Milliy gvardiya (R.Djurayev) O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bilan birgalikda Qorabayir otlari mahorat maktabi Qorabayir zotli otlarining seleksiyasiga e’tibor bergan holda harbiy xizmatga yaroqli xizmat otlarini tayyorlash va ularni kelgusida xizmat maqsadlarida foydalanish choralarini ko‘rsin.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) markaziy asab tizimi kasalliklari va ot yordamida davolash mumkin bo‘lgan boshqa kasalliklarning ro‘yxatini shakllantirsin va kasallarni Qorabayir otlari mahorat maktabiga yo‘naltirish bo‘yicha dastur ishlab chiqsin.
11. Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Qorabayir otlari mahorat maktabida turizm infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish choralarini ko‘rsin.
12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Milliy gvardiya bilan birgalikda:
Qorabayir otlari mahorat maktabining faoliyatini namoyish etuvchi ko‘rsatuv va eshittirishlarni tayyorlasin, bunda Qorabayir zotli otlarning xususiyatlariga alohida e’tibor qaratsin;
mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid turkum maqolalar, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin;
qorabayir zotli otlarni ommalashtirish maqsadida maxsus veb-saytlar tashkil etsin va uning faoliyatini doimiy yo‘lga qo‘ysin;
“Har bir yigitning uyida oti bo‘lsin” shiori ostida Qorabayir zotli otlarning targ‘ibotini amalga oshirsin.
13. Milliy gvardiya bir oy muddatda:
Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bilan birgalikda Qorabayir otlari mahorat maktabi ustavining belgilangan tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M.Djurayev, Surxondaryo viloyati hokimi T.A.Bobolov hamda turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Q.Karimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 янvaрgaча O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 5 avgust