O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Joriy yilning 22 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini yanada soddalashtirish, sanoat korxonalarining xomashyo ta’minotini yaxshilash maqsadida:

1. 2025 yil 1 yanvarga qadar 1-ilovaga muvofiq xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji nol stavkada qo‘llanilsin.

2. Belgilansinki, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash talabi bekor qilinadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatiga 2-ilovaga muvofiq texnologik asbob-uskunalar kiritilsin.

4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligining 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

asbob-uskunalar (qurilmalar, mexanizmlar, butlovchi va ehtiyot qismlar) sotib olish (sotish) bo‘yicha shartnomada (kontraktda) ularni montaj va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni o‘qitish xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlar qiymati alohida ko‘rsatilmagan hollarda norezidentning soliq solinadigan daromadini ushbu xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblash to‘g‘risidagi;

mazkur turdagi shartnomalar (kontraktlar) bo‘yicha montaj va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni o‘qitish xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlar ko‘rsatganlik uchun norezidentning soliq solinadigan daromadini shartnoma ob’ekti qiymatining 20 foiziga teng deb hisoblashning amaldagi tartibini bekor qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga:

respublika hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatiga kiritilgan, biroq ishlab chiqarilganiga uch yildan ko‘p bo‘lgan ayrim texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini faqat bojxona bojidan ozod qilish sharti bilan tasdiqlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 sentyabrdagi “Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6306-son Farmoni 3-bandining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan norma kelib chiqish sertifikati asosida ham qo‘llaniladigan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlarni belgilash;

muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida o‘rnatilgan tartibda olish sharti bilan, o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mahsulotlarning bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladigan holatlar ro‘yxatini (import qiluvchining kafolat xati asosida) tasdiqlash vakolati berilsin.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va J.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 12 oktyabr