Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tuman adliya bo‘limi tomonidan tumandagi “Baxtli” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro M.N.ning tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktabi metod birlashmasi tomonidan dars soatlari kam berilayotganligidan noroziligi to‘g‘risidagi shikoyati o‘rganilganida quyidagilar aniqlandi.

– Jumladan, 2021 yilning 27 avgust kuni umumta’lim maktabining metod birlashmasi tomonidan o‘qituvchilar o‘rtasida yangi o‘quv yili uchun pedagogik yuklamalar taqsimlangan va jismoniy tarbiya fanidan mavjud bo‘lgan 32 dars soatidan bir xil oliy ma’lumotga ega o‘qituvchilarga malaka toifalarini bahona qilinib, P.M.ga 24 soati va M.N.ga 8 soati berilgan, – deydi Chimboy tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Abat Palekeyev. – Shunday qilib, maktab mansabdor shaxslari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 30 iyundagi Adliya vazirligidan 3271-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘xatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi talablari qo‘pol ravishda buzilgan.

Murojaatni o‘rganish davomida, tuman adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida murojaat egasining talabi qanoatlantirilib, dars soatlari amaldagi qonunchilikka rioya qilingan holda taqsimlanishi va javobgar shaxslarning intizomiy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi.

Shuningdek, yana bir maktabning mansabdor shaxslari tomonidan o‘qituvchi A.B.ning pensiya yoshiga to‘lganligi bahona qilinib, 2021-2022 o‘quv yili uchun umuman dars soatlari berilmaganligi yoki mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligi to‘g‘risidagi shikoyati tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, A.B. o‘quv yili boshlanishidan avval pensiya yoshiga to‘lgan, ammo maktab mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda mehnat shartnomasini bekor qilish choralari ko‘rilmagan va mehnat munosabatlari davom ettirilgan.

Mazkur holat yuzasidan adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan taqdimnomaga asosan, pensiya yoshidagi tajribali ustoz A.B.ga dars soatlari ajratilishi ta’minlandi va shikoyat qanoatlantirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA