O‘tgan yili dunyoda koronavirusning yangi «omikron» shtammi tarqaldi. Virusologlar uni o‘rganishmoqda. Yangi shtammda uni “birodarlari”dan ajratib turuvchi ko‘plab o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi aniqlandi.

JST taqdim etgan so‘nggi epidemiologik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi kunda butun duyonda asosan «omikron» shtammining tez tarqalishi sababli COVID-19 bilan kasallanish holatlari o‘smoqda. Yunoncha «omikron» harfi bilan belgilangan V.1.1.529 koronavirusning yangi shtammi 2021 yilda Afrikaning janubida aniqlangan. O‘tgan yilning sentyabr oyida Yevropada haftasiga qariyb millionta COVID-19 bilan kasallanish holatlari qayd etilgan bo‘lsa, 2022 yanvar oyining boshlariga kelib, bu raqam yetti milliondan oshdi.

O‘zbekistonda kasallanganlar sonini aniqlash qiyin, chunki ko‘pchilik mahalliy aholi eng og‘ir holatdagina shifokorga murojaat qiladi. Bunga koronavirus bilan kasallanganlar uchun shifoxonalar haqidagi turli gap-so‘zlar sababdir. Bu kabi buzg‘unchi mish-mishlarning oldini olish maqsadida, masalan Yevropa Ittifoqida OAV va ijtimoiy tarmoqlar ustidan monitoring olib boriladi, qidiruv tizimlaridagi so‘rovlar tahlil qilinadi. Olingan ma’lumotlarni qayta ishlash jamoatchilik fikri tendensiyalarini aniqlash va yolg‘on axborotga qarshi kurashishga yordam beradi.

«Omikron» ni boshqa shtammlardan nimasi bilan ajralib turadi?

JST bergan ma’lumotlarga ko‘ra, qator sabablarga ko‘ra, «omikron»ning tarqalishi bilan bog‘liq umumiy xavf juda yuqori bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, «omikron» «delta» shtammiga qaraganda, ko‘proq tarqalish salohiyatiga ega. Ushbu shtamm bilan kasallanish yengilroq oqibatlarga olib kelsa-da, kasallik sonining tez tarqalishi bemorlarni kasalxonaga yotqizish sonining oshishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida sog‘liqni saqlash tizimini imkoniyatlar chegarasida ishlashga majbur qiladi.

Vaksinatsiya olish koronavirusning boshqa variantlarida bo‘lgani kabi “omikron” keltirib chiqaradigan og‘ir xastaliklar va o‘lim holatlaridan ishonchli himoyani ta’minlashi mumkin. Shu vaqtgacha “omikron” sababli bemorlarni kasalxonaga yotqizishlar va o‘lim holatlarining nisbatan past darajasi ko‘pchilikning emlangani bilan bog‘liq. Vaksina olish organizmning virusga qarshi immunitetini ishga tushiradi. U nafaqat «omikron» variantidan, balki COVID-19 ning kelajakdagi mutatsiyalari bilan bog‘liq og‘ir kasalliklardan ham himoya qiladi.

Ekspertlar yangi shtammga yuzaki qaramaslikni tavsiya qilishadi.

COVID-19 dan himoyalanish choralari bo‘lmagan joyda «omikron» juda tez tarqaladi. Koronavirusning «delta» variantida bo‘lgani kabi, bunda ham birinchi navbatda, emlanmaganlar ko‘proq jabrlanadi. Ekspertlarning asosiy tavsiyasi shu bo‘lib qoladi: navbatingiz kelganda, vaksina oling, agarda hududingizda taklif etishsa, qayta emlaning.

«Omikron» oddiy shamollashga o‘xshamaydi, chunki unda bemorni kasalxonaga olib kelish ehtimoli ko‘proq. Bu kasallik bilan kasallanib, so‘ngra sog‘ayganlar kovidning og‘ir holatlarini yuqtirib olish xavfi ostida bo‘ladilar.

Kasal bo‘lib o‘tgan bo‘lsangiz, emlanish kerakmi?

Ko‘pchilik shifokorlar agarda siz ilgari COVID-19 bilan kasallangan bo‘lsangiz, baribir vaksina olishingiz kerak, degan fikrga qo‘shiladilar. “Omikron”ni qayta yuqtirib olish xavfi virusni boshqalarga yuqtirish yoki uzoq davom etadigan kovidning rivojlanish xavfini tug‘diradi. COVID-19 bilan kasallanganmisiz, yoki yo‘qmi, bunga qarshi to‘la emlanish – o‘zingiz va boshqalarni og‘ir kasallikdan, kasalxonaga tushishdan va virus sababli o‘lishdan eng yaxshi himoyadir.

COVID-19 ga qarshi vaksinalarning samaradorligi boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi vaqt o‘tishi bilan zaiflashadi, shu bois, sizga qaytadan emlanishni taklif etishadi. Bu taklifni qabul qiling. Qayta vaksina olish «omikron» va COVID-19 ning boshqa variantlari keltirib chiqaradigan og‘ir kasalliklardan himoyalanishni oshiradi.

Bu maslahat ayniqsa, xavf darajasi yuqori bo‘lgan shaxslar – 60 yoshdan kattalar hamda boshqa kasalliklarga ham chalinganlar uchun juda muhimdir. Tibbiyot xodimlari ham virusni yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgani sababli qayta emlanishlari kerak.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, «delta» variantiga qarshi ishlaydigan barcha oldini olish chora-tadbirlari, jumladan niqob taqib yurish ham «omikron» shtammiga qarshi samarali hisoblanadi. Vaksina olishdan tashqari, barcha profilaktika choralari – niqob taqish, qo‘llarni yuvish, ijtimoiy masofani saqlash, yopiq, cheklangan yoki odamlar gavjum joylardan qochish, egilgan holda, yoki dastro‘molga yo‘talish yoki aksirish, binolarni tez-tez shamollatib turish – infeksiya to‘lqinini ushlab turish va tibbiyot xodimlarini himoya qilish uchun zarur.

– Hozircha, «omikron» bilan kasallanganlar orasida kasallikdan so‘ng uning oldingi variantlariga qaraganda, kamroq alomatlar qoladi, degan tasavvur bor. Tromboz, doimiy yurak-qon tomir va oshqozon-ichak buzilish holatlari kam uchramoqda, – deydi Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmatining G.N.Gabrichevskiy nomidagi Moskva Epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot institutining klinik ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Tatyana Rujensova.

Mutaxassisning qayd etishicha, ayni damda, bu ko‘pchilik bemorlarda kasalikka qarshi immunitetning mavjudligi, kasallanganlarning yosh bo‘lishi hamda “ko‘pincha kasallikning birinchi kunidan boshlab davolash choralarining amalga oshirilishi” bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ilgari vaksina olgan bemorlarda “omikron” bilan kasallanganlaridan so‘ng biron bir asoratlar kamroq uchraydi.

– Yosh bemorlar orasida bunday asoratlar deyarli yo‘q. Keksa guruh vakillarida ko‘pincha yo‘tal, ish qobiliyatining pasayishi kabi belgilar saqlanib qoladi, – deydi u.

«Omikron» bolalar uchun xavflimi?

Aytish mumkinki, bolalar «omikron» shtammi uchun “oson o‘lja” hisoblanadi.

Djordj Meyson Universitetining (Virdjiniya, AQSH) Tizimli biologiya maktabi professori Anchi Baranovaning aytishicha, koronavirusning «alfa» va «delta» kabi oldingi shtammlari inson hujayralariga hujum qilish uchun TMPRSS2 proteazasiga muhtoj bo‘lgan. «Omikron» esa, TMPRSS2 proteazasi ishtirokisiz inson hujayrasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib bora oladi. Bunday proteaza kattalarda ko‘p, bolalarda esa juda kamdir. Shu bois, kovidning oldingi variantlarida yuqorida aytilganidek, kasallik proteazaga muhtoj bo‘lgani sababli bolalar ancha himoyalangan edi.

Ayni damda, G.N.Gabrichevskiy nomidagi Moskva Epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarning dastlabki natijalari shuni ko‘rsatdiki, ko‘pchilik bolalar «omikron» shtammini asoratlarsiz o‘tkazadi.

Tatyana Rujensovaning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi voyaga yetmagan bemorlarda charchoq, bosh og‘rig‘i, tana haroratining biroz ko‘tarilishi saqlanib qoladi. Bunday hollarda bolalar shifokor nazorati ostida bo‘lishlari, zarur hollarda – qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishlari kerak.

«Omikron» shtammi hali yaxshi o‘rganilmagan. Davosi hali topilmagan, virusologlar esa, uning yangi jihatlarini aniqlashmoqda. Shu bois, vahimali mish-mishlardan qochish va shifokor tavsiyalariga amal qilish kerak.

Roman BONDARCHUK,

O‘zA