O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida tashkil etilgan teatrlashtirilgan tantanali tadbirda yurt himoyachilari sharaflandi.

Vatan xavfsizligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan Vatan posbonlarining mardligi va jasoratini madh etuvchi vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Yangilangan mustahkam Milliy Armiyamiz kuch qudratini ifoda  etuvchi adabiy kompozitsiyalar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Bayram tantanasi o‘tkaziladigan Madaniyat markazi foyesida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining tumandagi harbiy qismlari tomonidan zamonaviy qurol-aslahalar kӯrgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bayroqlari hilpirab turgan foyeda mehmonlarni 9- va 21-sonli bolalar musiqa va san’at maktablarining san’atsevar o‘quvchilari Vatanni madh etuvchi harbiy marsh sadolari bilan kutib oldi. Ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlovchi chorlov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari madhiyalari yangradi.

Tantanali bayram tadbiriga tashrif buyurgan tuman hududidagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarning zobitlari, muddatli harbiy xizmat burchini ado etayotgan askarlar va Milliy Armiyamizning faxriy, zaxiradagi zobit va askarlariga samimiy tilaklari bildirildi.

So‘ng O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining faoliyati, zobit va askarlarning yurtimiz sarhadlarini qo‘riqlash jarayonidagi jasorat va qahramonliklari aks ettirilgan videorolik va san’atkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Tantanali bayram tadbiri davomida tuman Mudofaa ishlari bo‘limiga hamda tuman hududidagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy qismlarida xizmat burchini o‘tayotgan milliy Armiya zobitlari, muddatli harbiy xizmat burchlarini ado etayotgan namunali askarlarga Amudaryo tumani hokimining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA