Uglevodorod zaxiralari yil sayin kamayib, jahon bozorida neft va gaz narxi ko‘tarilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, quyosh, shamol va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng joriy etishni taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda ham islohotlarning jadallashuvi, sanoatning rivojlanishi, aholi sonining ko‘payishi natijasida energiyaga bo‘lgan talab keskin oshib bormoqda. Bu ko‘rsatgich 2030 yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda barqaror rivojlanish sohasidagi eng muhim maqsad va vazifalaridan biri 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya ulushini ko‘paytirishdan iborat. Bu borada bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiyasidagi ustuvor yo‘nalishlar mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilishda shular haqida so‘z bordi.

Qayd etilganidek, hozirgi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida energiya samaradorligining pastligi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, texnologik yangilanishining sustligi, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda xususiy sektor ishtiroki yetarli emasligi barqaror rivojlanish sohasiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Salbiy ta’sirni bartaraf etish uchun sohalarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hozirda dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Shu maqsadda 2022 yilda Qoraqalpog‘istonda 1 700 MVt.lik shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha bitimi imzolanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni tizimli ravishda tashkil etish yuzasidan dastur ishlab chiqish taklifi ilgari surilmoqda.

Bu borada «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunda ko‘zda tutilgan soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni joriy etish orqali xorijiy investitsiyalar va mahalliy tadbirkorlarni sohaga jalb etish, kadrlar tayyorlash masalalari muhimligi ta’kidlandi.

Jumladan, Strategiyasi loyihasida ko‘ra iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda «Yashil iqtisodiyot» texnologiyalarini barcha sohalarga keng joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish belgilangan.

Shuningdek, 2026 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini qo‘shimcha 40 milliard kVt./soatga oshirib, jami 110 milliard kVt./soatga yetkazish, 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda havoga chiqariladigan zararli gazlarning hajmini 8 million tonnaga kamaytirish maqsad qilingan.

Yig‘ilish ishtirokchilari ko‘rilgan masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA