Ma’lumki, shu kunlarda dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkablashmoqda. Xususan, COVID-19ning yangi – «omikron» shtammi qator mamlakatlarda jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida mutaxassislar tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, jamoat joyida oraliq masofani saqlash, tibbiy niqob taqish qoidalariga rioya etish zarurligi aytilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 20 martdagi «Tibbiy buyumlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i bilan tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarilgan. Endilikda tibbiyot niqobni ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talab etilmaydi. Shuningdek, tibbiyot niqobini amaliyotda qo‘llash uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: tibbiyot niqoblari bozorlarda, ko‘chalarda bemalol sotilishi mumkinmi?

Bugunning dolzarb savoliga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati bosh mutaxassisi Lochinbek Xudoyorov javob berdi.

– Tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarildi, degani – bu uning sifati nazorat qilinmaydi, degani emas. Niqob o‘ziga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun ishlab chiqaruvchilar ularni tayyorlashda tibbiy himoya vositalariga qo‘yiladigan barcha texnik talablarga qat’iy amal qilishlari zarur, – deydi Lochinbek Xudoyorov.

Noto‘qima polotnodan tayyorlanadigan tibbiyot niqoblariga qo‘yilgan asosiy talablar keltirilgan. Unga ko‘ra, mamlakatimizda tibbiyot niqoblariga qo‘yilgan talablar OʼzDSt 3452:2020 davlat standarti bilan tartibga solinadi. Ushbu standart EN14683:2014 «Masks medical. Requirements and test methods» standart talablari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2020 yilning 1 iyulidan kuchga kirdi. Mazkur standartga muvofiq, tibbiyot niqoblariga qo‘yilgan asosiy parametrlar va xususiyatlar o‘rnatilgan, xususan, tibbiyot niqoblari filtrlash (old) qismi (korpus), elastik lentalar, ular yordamida niqobni boshga taqish, niqobning yuqori qismini moslashuvchan shaklga keltirish uchun mo‘ljallangan plastik sim bo‘lishi kabi tarkibiy qismlardan iborat bo‘lishi shart.

Iste’molchilar bilan kelishilgan holda tibbiyot niqobi turli ranglarda ishlab chiqarilishi, shuningdek, har xil shaklga va tuzilishga, qo‘shimcha funksiyalarga, xususan, yuz qismini yopib turadigan qavatga (foydalanuvchini yuzini har xil tomchilar sachrashidan himoya qilish uchun) va terlashga qarshi funksiyali yoki bu funksiyasiz yoxud burun fiksatoriga (burun shakliga moslashuvchan bo‘lib, yuzga yopishib turishi uchun) ega bo‘lishi mumkin. Filtrlash qismi (korpus) filtratsiya qavatdan iborat bo‘lib, ikkita tashqi qavatlar orasida joylashgan bo‘lishi kerak.

Alohida ta’kidlashi kerakki, niqobdan foydalanganda, niqob qatlamlarga ajralmasligi, parchalanmasligi va yirtilmasligi kerak. Niqob filtrlash qismida 1 mm.dan katta bo‘lgan qattiq ikki tomoni ochiq teshiklar, yirtilishlar bo‘lishi va sirti ifloslanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Niqobning o‘ramsiz og‘irligi ham 10 grammdan ko‘p bo‘lmasligi bo‘lish kerak.

Agar aholi xarid qilgan noto‘qima polotnodan tayyorlangan tibbiyot niqobi yuqoridagi talablarga javob bermasa, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining 1159 ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida qo‘shimcha qilish mumkinmi, O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 8-moddasida iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA