O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi favqulodda va muxtor elchilaridan iborat delegatsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida mamlakatimizning Italiya davlatidagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov Amudaryo tumaniga tashrif buyurdi.

Elchi tumanda qurilayotgan ko‘prik va temir yo‘l qurilishi ishlari bilan tanishdi. Tumanda investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish maqsadida “Amudaryo tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tomorqachilik klasteri va “MANGIT XOLODELNIK” mas’uliyati cheklangan jamiyatining muzlatkichli omborxona tashkil etish loyihalarini ko‘zdan kechirdi.

Hokimlik majlislar zalida tomonlar va salohiyatli tadbirkorlar ishtirokidagi uchrashuvda tumanning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari, investitsion salohiyati, amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilib, batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, tumanda intensiv bog‘lar tashkil qilish, meva-sabzavotni qayta ishlash kabi loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud sharoitlarni inobatga olib, investorlarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi.

Tashrif davomida tumandagi tadbirkorlik subektlari bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash orqali djem, pyure, sharbat ishlab chiqarish kabi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Hozirda ushbu loyihalarni amalga oshirishda xorijiy investorlar aniqlanmoqda.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilning 23 dekabr kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan hududlarning investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, yangi eksport bozorlarini topish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Singapur, Italiya hamda Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchilari  tumanga tashrif buyurgan edi.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tumandagi ishsiz ayollar bandligini ta’minlash va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida tikuv mashinalari berildi. Ushbu tikuv mashinalardan foydalangan holda tumandagi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 10 nafardan ortiq ishsiz xotin-qiz kasbga o‘rgatilib, bandligi ta’minlandi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA