Toshkentda 14 dekabr kuni “2021 yilning avgustidan keyingi davrda Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik muammolari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan Rossiya Federatsiyasining A.M.Gorchakov nomidagi Xalq diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo maktabi” ilmiy-ta’lim dasturi doirasida tashkil etildi.

Anjumanda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, shuningdek, Rossiyaning bir qator hududlari, jumladan, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Uzoq sharq federal okrugidan xalqaro munosabatlar va diplomatiya, huquqshunoslik, biznes va siyosat sohalariga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari, strategik tahlil, ilmiy-amaliy tadqiqot markazlari, vazirlik, idoralar, jamoat birlashmalari vakillari, O‘zbekistondan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Milliy universitet, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, nodavlat ilmiy markazlar rahbarlari, mustaqil ekspertlar va talabalar ishtirok etdi.

Dastlab Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov konferensiya qatnashchilariga so‘nggi yillarda mintaqamizda, xususan, mamlakatimizda yuz berayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Darhaqiqat, ta’kidlanganidek, mintaqada yangicha do‘stona siyosiy muhit shakllanishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbus beqiyos ahamiyat kasb etganini inkor qilib bo‘lmaydi. Zero, aynan do‘st va qardosh qo‘shni mamlakatlar yetakchilari ishtirokida oliy darajadagi uchrashuvlar muntazam tus olishi tufayli mintaqamizning ulkan salohiyatidan unumli foydalanish imkoniyatlari kengaydi.

– Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch mustahkamlanib, sheriklik izchil rivojlanishi natijasida mintaqamiz borgan sari jahon hamjamiyati e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda, – dedi, jumladan, A.Nosirov. – Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama shakldagi hamkorlik faollashayotgani kuzatilyapti.

bugungi kunda Markaziy Osiyo global maydonda borgan sari alohida mamlakatlar emas, balki nafaqat uzviy tarix, madaniyat, an’analar va qadriyatlar, qolaversa, umumiy siyosiy, savdo-iqtisodiy manfaatlar birlashtirib turgan yaxlit, jipslashgan hudud sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tabiiyki, aynan barqarorlik Markaziy Osiyoni iqtisodiy o‘sish markazlaridan biriga aylantirmoqda. Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, mintaqaning umumiy YAIM hajmi oxirgi to‘rt yilda 25 foiz o‘sib, 300 milliard dollardan oshgan.

Konferensiya dasturiga muvofiq, mutaxassislarning “Yangicha Markaziy Osiyo. 2021 yil avgustdan keyin mintaqada nima o‘zgardi?”, “Markaziy Osiyo dunyoviy tartibning yangi shakllanayotgan geosiyosiy xaritasida”, “Markaziy Osiyoning kelajak timsoli – yosh tadqiqotchilar nigohi” mavzulari bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi. Xalqaro miqyosda tanilgan, yetakchi siyosatshunoslik markazlari e’tirofini qozongan alohida hurmatga sazovor olimlar, ekspertlar, shuningdek, kelajak faoliyatini mintaqamiz bilan bog‘lashga qaror qilgan yosh izlanuvchilar, talabalar Markaziy Osiyodagi jarayonlarga oid kuzatuvlari, o‘rganish natijalari bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Albatta, Markaziy Osiyoning xavfsizligi va taraqqiyoti ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashuvi bilan bog‘liq. O‘zbekiston rahbariyati bu borada doimo insonparvarlik tamoyiliga asoslangan qat’iy pozitsiyasini bildirib kelgan. Davlatimiz rahbari jahon hamjamiyati e’tiborini Afg‘onistonga nisbatan mamlakatni gumanitar inqirozdan chiqarish, tinchlikparvar jamoatchilikka qo‘shishga qaratilgan yagona yondashuv ishlab chiqish muhimligiga qaratib kelmoqda. Anjuman ishtirokchilari ham ushbu masalaga alohida urg‘u berishdi.

– Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy munosabat juda faollashdi, – deydi Moskva davlat universiteti Axborot-tahlil markazi direktori Darya Chijova. – Bu jarayonda mamlakatlarning o‘zaro aloqalari va ko‘p tomonlama sheriklik bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari, oxirgi oylarda Afg‘onistonda yuz bergan voqealar tufayli yuzaga kelgan vaziyat ham Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasini kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Qolaversa, boshqa mintaqalar yoki dunyoning yetakchi davlatlari, masalan, Xitoy, Rossiya, AQSH singari mamlakatlar bilan hamkorlikka ham e’tibor qaratish zarur. Shu ma’noda mazkur anjumanda ko‘tarilayotgan masalalar, tahlil qilinayotgan mavzular, muammolar mintaqa doirasidan chiqib, global ahamiyat kasb etadi. Demak, Toshkentda Markaziy Osiyo va Rossiyaning ko‘zga ko‘ringan tahlilchilari, siyosatshunoslari juda muhim va dolzarb masalalar yuzasidan munozaraga kirishdi.

Ushbu xalqaro konferensiya kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tomonlar bir-birlarini yanada yaxshiroq tushunishlariga yordam berdi. Yakunda muhokama qilingan mintaqaviy sheriklikka oid mavzular, bildirilgan fikr-mulohazalar yuzasidan tegishli taklif, tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA