Nukusda Davlat xizmatlari agentligining to‘rt yillik faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulug‘bek Muhammadiyev o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, roppa-rosa to‘rt yil avval 12 dekabr kuni davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh etish sari dadil qadam qo‘yildi. Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan yangi tashkilot faoliyatiga asos solindi. Uning asosiy vazifalari etib byurokratiya va korrupsiyaning oldini olish, xalqimizning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oqlash etib belgilandi.
Davlatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ulug‘vor g‘oyani shior qilgan holda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan o‘tgan yillar mobaynida qator e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari aholi uchun muhim va kerakli xizmatlarni olishi mumkin bo‘lgan joyga aylanishga ulgurdi.
Tashrif buyuruvchilar uchun qulay bo‘lgan Davlat xizmatlari markazlarining 160 ga yaqin (70 tasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida) innovatsion binolari barpo etildi, 40 ga yaqin binolarda qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu yerda inson kundalik hayotida zarur bo‘lgan xizmatlardan ortiqcha ovoragarchiliklarsiz va eng muhimi, yashash joyidan qat’iy nazar eksterritorial tamoyili asosida foydalanishi mumkin.
bugungi kunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga doir 129 ta qonun hujjati ishlab chiqildi, yuzdan ortiq ma’muriy reglament qabul qilindi. Buning natijasida talab etiladigan hujjatlar soni 181 tadan 86 taga kamaytirildi, xizmat ko‘rsatish muddati ham 499 kundan 271 kunga qisqartirildi. O‘tgan to‘rt yil davomida Davlat xizmatlari markazlari orqali 40 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatildi.
Davlat xizmatlari agentligi har bir fuqaroga yashash joyidan qat’iy nazar, sifatli davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun imkon yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, davlat idoralari orasidan birinchilardan bo‘lib, Agentlik tomonidan “mobil”, ya’ni sayyor davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Dam olish kunlari DXM xodimlari maxsus texnikalar bilan jihozlangan transport orqali borish qiyin bo‘lgan chekka va tog‘li hududda yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatish maqsadida joylarga borib, ularga zarur hujjatlarni taqdim etadi. Shu kunga qadar qulay va shaffof uslublardan foydalangan holda respublika bo‘yicha 1 millionga yaqin sayyor xizmat ko‘rsatildi.
Markazlarning asosiy vazifalaridan biri fuqarolarning davlat idoralari vakillari bilan aloqasini imkon darajada kamaytiradigan tizimni yaratishdir. Bularni amalga oshirishning asosiy mezoni esa — davlat idoralari arxiv hujjatlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlarning elektron tizimlarini tashkil etishdan iborat. Davlat xizmatlaridan foydalanish yanada qulay bo‘lishi uchun Agentlik mutaxassislari tomonidan elektron raqamli imzoni onlayn olish imkoniyati yaratildi.
Farzand tug‘ilganligini rasmiylashtirish uchun FHDYO organlarida kompozit (birlashtirilgan) xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganligi ham navbatdagi qulaylikdir. Ya’ni, tug‘ilishni qayd etish, bolani poliklinikaga ro‘yxatga qo‘yish, turar joyi bo‘yicha hisobga olish, bir martalik nafaqa pulini tayinlash hamda maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish xizmatlari bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. Kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatilishining yo‘lga qo‘yilishi bilan 15 dan ortiq hujjat qisqarib, 4 ta idoraga borishga chek qo‘yildi.
Tadbirkorlik sohasida ham bir muncha jarayonlar osonlashdi. Endilikda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda 30 ta tijorat bankda hisobraqam ochish imkoniyati mavjud. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan birga xodimlarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, shuningdek, elektron raqamli imzo olish ham mumkin.
Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan tashkilot faoliyatiga asos solinganligining 4 yilligi arafasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Jumladan respublika bo‘yicha “Davlat xizmatlari karvoni” aksiyasi tashkil qilindi. Karvon “Afrosiyob” poyezdining Toshkent-Buxoro yo‘nalishidan start olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z nihoyasiga yetdi. Nukus tumani “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘ini Uzunko‘l massivida joylashgan 19-umumta’lim maktabi o‘quvchilari hamda o‘qituvchilarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bilim-ko‘nikmalarini oshirish uchun talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi o‘rgatilib, maktabga kompyuter qurilmasi, Xo‘jayli tumanida yangi zamonaviy Davlat xizmatlari markazi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA