Poytaxtimizdagi “Tashkent City Palace” mehmonxonasida 10 dekabr kuni “Oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha konvensiyani qabul qilish va joriy etish uchun manfaatdor tomonlar hamkorligini mustahkamlash” mavzusida ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, oliy ta’lim sohasida malakani tan olish – Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy Konvensiyasi (Tokio Konvensiyasi) joriy qilingan.
Mazkur hujjat Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida ta’lim tizimi, an’ana va qadriyatlaridagi xilma-xillikni e’tirof etgan holda, ta’lim sifatini uzluksiz oshirib borish, mintaqa fuqarolari, xususan, talaba va o‘qituvchilarga mavjud imkoniyatlardan foydalanishni yengillashtirish maqsadini ko‘zlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekistonda Tokio Konvensiyasini qabul qilish va joriy etishning samaradorligi va oqibati, hujjatga a’zo mamlakatlar tajribasini o‘rganish yo‘lidagi vazifalar muhokama qilindi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari rahbariyati, Yaponiya, Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar, oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari ishtirok etdi.
Oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi yurtimizda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish jarayoni takomillashtirilishiga, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini malakali kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev ushbu anjuman Tokio Konvensiyasi kvalifikatsiyalarni tan olish bo‘yicha nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish uchun keng imkoniyat yaratishi, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida talabalar erkin harakatlanishiga yordam berishini ta’kidladi.
– Milliy ta’lim tizimining xalqaro hamjamiyatga integratsiyasini, ta’lim oluvchilar va professor-o‘qituvchilar mobilligini ta’minlash, xorijda ta’lim olayotgan yoshlarimizni Vatanga qaytishidagi sun’iy to‘siqlarni olib tashlash, malakalarni tan olish tizimini xalqaro standart asosida takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi U.Toshkenboyev.
– Ta’limni tan olish jarayoni soddalashtirildi. Nostrifikatsiya tushunchasidan voz kechilib, “tan olish” amaliyoti joriy etildi. Xorijiy oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirilgani alohida e’tiborga molik. Shuningdek, jarayon raqamlashtirilib, davlat xizmatlari orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir davomida xalqaro ekspertlar tomonidan oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish, sifat va mobillikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Tokio Konvensiyasining ahamiyati, asosiy shartlari va imkoniyatlari hamda ratifikatsiya jarayoni bo‘yicha taqdimotlar namoyish qilindi.
Shu bilan birga konvensiyaga qo‘shilish bilan bog‘liq milliy qonunchilikni takomillashtirish, yo‘l xaritasi ishlab chiqish va O‘zbekistonda Milliy axborot markazi tashkil etish borasida fikr almashildi. Konvensiyaga a’zo xorijiy davlatlar mutaxassislari ushbu yo‘nalishdagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
– YUNESKO O‘zbekistonda ta’lim sohasi rivojlantirilishini muntazam qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilaman, – dedi tashkilotning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Aleksandros Makarigakis. – O‘ylashimcha, ta’lim sifatini xalqaro standartga mos tarzda oshirib borish uchun o‘qituvchilarni o‘qitish tizimiga ham e’tibor qaratish darkor. Tokio Konvensiyasiga qo‘shilish, hujjatni ratifikatsiya qilish jarayoni aynan bir tashkilot yoki muayyan shaxslarga bog‘liq emas. Bu yo‘lda davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi maqsadga muvofiq.
Konferensiya ishtirokchilari yurtimizda xalqaro ta’lim hamjamiyatiga faol qo‘shilish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilayotgani, jumladan, oliy ta’limda kredit-modul tizimi joriy qilingani, jarayon Yevropa ta’lim sifatini ta’minlash standarti va yo‘riqnomasi (ESG) asosida takomillashtirilayotganini e’tirof etishdi.
2018 yil 1 fevraldan kuchga kirgan Tokio Konvensiyasiga ayni payt 12 davlat – Armaniston, Avstraliya, Xitoy, Fiji, Vatikan, Yaponiya, Mo‘g‘uliston, Yangi Zelandiya, Koreya Respublikasi, Rossiya va Turkiya qo‘shilgan.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar kvalifikatsiyani tan olish uchun Tokio Konvensiyasini joriy qilishning foydali jihatlari yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar to‘g‘risida ham tushunchaga ega bo‘ldi, bu boradagi keyingi vazifalar belgilab olindi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA