O‘zbekiston 2021 yil 1 noyabrda Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan preferensiyalar Bosh tizimi (GSP) a’zoligiga rasman qabul qilindi.

Shu munosabat bilan 2021 yil 22 noyabr kuni mamlakatimizning tizimga qo‘shilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi va O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Qirolichaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari Kenan Poleo brifingda ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi bilan keldi. U O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan uchrashdi.

Kengaytirilgan GSP tizimi benefitsiari maqomi berilishining sabablaridan biri O‘zbekiston inson huquqlari, mehnat standartlari, atrof-muhit va samarali boshqaruv sohasidagi 27 ta asosiy xalqaro konvensiyani muvaffaqiyatli ratifikatsiya qilgani bo‘ldi.

Mamlakatimiz ushbu tizimga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 7 ming 800 dan ortiq tovarlarga mutlaqo import boj to‘lovi yo‘qligini inobatga olgan holda, ikkala davlat ham o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish tarafdori.

Qayd etilishicha, GSP tizimi O‘zbekistonga umumiy qiymati 437 milliard funt sterlingdan ortiq dunyoning beshinchi eng yirik iqtisodiyoti va yetakchi xalqaro iste’mol va chakana savdo bozoriga kirish imkonini beradi.

Buyuk Britaniya uchun esa bu mintaqaviy markaz bo‘lib xizmat qiladigan va mintaqaning eng rivojlanayotgan bozoriga kirishni osonlashtiradi. Shuningdek, O‘zbekistonning noyob to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa turli xil mahsulotlariga yo‘l ochadi.

 

B.Xudoyberdiyev, O‘zA