Toshkent shahrida 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis ishi Oliy Majlis Senatining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi avvalida aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal etishga e’tibor qaratildi. Jumladan, qibrayliklar muammolari yuzasidan Senatning avvalgi yalpi majlislarida vazifalar belgilangan edi. Bu borada qilingan ishlar yuzasidan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov axborot berdi.
Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yilning birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, 2021 yil yanvar-iyun oylarida respublikamiz iqtisodiyotining YAIM hajmi 6,2 foizga o‘sib, dunyoda kechayotgan pandemiyaga qaramay, 318,5 trillion so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodiy o‘sish sanoatda 8,5 foiz, qurilishda 0,1 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 1,8 foiz hamda xizmatlarda 8,0 foizga o‘sgan. Inflyatsiya darajasi yil boshidan 4,4 foizni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 10,9 foizni tashkil etgan.
Davlat byudjeti daromadlari 2021 yil 1-yarim yilligida 74,9 trillion so‘mni tashkil etib, prognozga nisbatan 107,8 foizga yoki 5,4 trillion so‘mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trillion so‘mga oshgan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylarida soliq to‘lovchilarga respublika byudjetidan 7,6 trillion so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobardan ko‘p mablag‘ qaytarib berilgan.
Davlat byudjetining 2021 yil 1-yarim yilligi xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 79 trillion 331,9 milliard so‘mni, aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 96,9 foiz yoki YAIMga nisbatan 24,9 foizni tashkil etgan. Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 118,9 foiz, xarajatlar qismi rejaga nisbatan 97,3 foizga ijro etilgan.
Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad ko‘rsatkichi 2 trillion 639 milliard so‘m ortig‘i bilan ijro etilgan.
2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari yillik prognozga nisbatan 44 foizga (18 trillion 353,1 milliard so‘mga) bajarilishi ham, o‘z navbatida, aholini ijtimoiy himoyalash va kambag‘allikni qisqartirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini bergan.
Majlis davomida Moliya vazirligiga Davlat byudjetidan ichimlik va oqova suv ob’ektlari uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli xarajat qilish ustidan nazorat o‘rnatish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan moliyaviy nazorat o‘rnatish va boshqa vazifalar yuklandi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng senatorlar Qashqadaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisobotini eshitdilar. Shuningdek, Senat ishchi guruhi tomonidan viloyatni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish yakunlari ham batafsil muhokama qilindi.
Majlisda ta’kidlanganidek, so‘nggi besh yilda Qashqadaryo viloyati shahar va tumanlarini kompleks rivojlantirish yuzasidan Prezidentning 1 ta, Vazirlar Mahkamasining 12 ta qarori qabul qilinib, tasdiqlangan dasturlar doirasida qator ishlar olib borilgan.
Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 10 mingdan ortiq xonadonga ega bo‘lgan 250 dan ziyod ko‘p kvartirali uylar hamda qariyb 4,9 mingta yangi namunaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Infratuzilmani yaxshilash maqsadida 2,4 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llarida qurish-ta’mirlash ishlari olib borilgan, 3 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmog‘i va 858 dona transformator punktida amalga oshirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlari natijasida 275 mingdan ziyod aholi va 900 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga erishilgan.
Viloyatdagi 667 kilometr gaz quvurlari yangidan montaj qilingan. 315 ming aholi uchun ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 968 kilometr ichimlik suvi quvurlari rekonstruksiya qilingan.
Bundan tashqari, hududda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, joriy yil I yarim yilligida yalpi hududiy mahsulot hajmi 19,3 trillion so‘m, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 107,7 foizni tashkil etgan. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,8 million so‘mdan iborat bo‘lib, yil yakunida 10,7 million so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Hududiy investitsiya dasturiga muvofiq joriy yilning o‘tgan davri mobaynida umumiy qiymati 1,9 trillion so‘mlik jami 709 ta loyiha ishga tushirilgan va 4,4 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar asosan Xitoy, Turkiya, Singapur, Eron, Rossiya, Kanada, Niderlandiya davlatlaridan jalb etilgan.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Jumladan, hududiy investitsiya dasturlarini shakllantirish jarayonida ayrim loyihalar tashabbuskorlarining imkoniyatlari to‘liq o‘rganilmasdan dasturga kiritilganligi bois ijro muddati kelmasdan “istiqbolsiz” deb topilgan holatlar mavjud.
Qolaversa, 2021 yilgi Investitsiya dasturi doirasida ba’zi qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan muddatdan ortda qolmoqda.
Majlisda o‘rganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 13 sentyabrdagi sessiyasida tanqidiy muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitilib, muhokama qilindi.
Shuningdek, viloyatda o‘z yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi va ijrosi yuzasidan senatorlik nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisining faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.
Qayd etilganidek, ushbu sohada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Prezidentning 2019 yil 16 avgustdagi “Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 17 yanvardagi “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq dastur va rejalar ishlab chiqilgan, ularning ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Jumladan, respublikada 53,5 ming gektar tutzor barpo etilib, joriy yilning bahorgi mavsumida 62,5 million tup tut ko‘chati va 53 million tupdan ortiq yakka qator tut daraxti ekilgan. Qolaversa, 11 ta ipak qurti urug‘chilik korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan 2021 yilda 240 ming quti sanoatbop ipak qurti urug‘lari ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, 2019-2020 yillarda ipakchilik yo‘nalishida investitsiya dasturiga asosan 123 ta loyiha doirasida 163,4 million dollarlik mablag‘, shu jumladan, 10,4 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilingan.
Joriy yil bahorgi pilla boqish mavsumida 22,7 ming tonna pilla xomashyosi (ho‘l pilla) yetishtirilgan. Shuningdek, co‘nggi to‘rt yilda pillachilik klasterlari soni 19 tadan 76 taga yetkazilgan.
2019-2020 yillarda qorako‘l qo‘ylarining naslini yaxshilash maqsadida Navoiy viloyati Konimex tumani, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida Qorako‘lchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, 2021 yilda qorako‘lchilik klasterlari tomonidan 66 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan.
Amalga oshirilgan ishlarga qaramay, ipakchilik, tutchilik, qorako‘lchilik va madaniy yaylovlar barpo etishni rivojlantirish bilan bog‘liq tizimli muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, 2020 yilda yangi tutzorlar barpo etish uchun pillachilik tarmog‘i tashkilotlariga ko‘p yillik ijara shartnomasi asosida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yer maydonlarini ajratish bo‘yicha hududlar kesimidagi ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lishiga qaramay, Jizzax viloyatidan tashqari boshqa birorta viloyatda tutzorlar barpo etish uchun yetarli yer maydonlari ajratilmagan.
Majlisda senatorlar sohani rivojlantirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar tomonidan olib borilgan ishlar yetarli darajada emasligini qayd etdi. O‘z o‘rnida, Vazirlar Mahkamasi va mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashdagi dolzarb muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash borasida hukumat tomonidan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab texnikumlar o‘quvchilariga amaliyot o‘tash joylarini tashkil qilish hamda kelgusida ishga joylashishlari uchun 800 ga yaqin tarmoq korxona va tashkilotlarga biriktirish yuzasidan hukumat qarori tayyorlangan.
Yoshlarning tadbirkorlik bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalarida muayyan fanlar hamda o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan.
Xizmatchilarning asosiy lavozimlar va ishchilar kasblari klassifikatori loyihasi tayyorlanib, unga 2163 ta yangi lavozim va kasb qo‘shilgan.
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida www.ish2.mehnat.uz bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bazasi yaratilgan.
Shuningdek, xorijiy tajribani o‘rgangan holda “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydonini ishga tushirish orqali fuqarolarni kunlik ishga yollashda ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.
Majlisda bu borada amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish jarayonida senatorlar bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasida bir qator tavsiyalarni ilgari surdi.
Jumladan, oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarini o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotiga jalb qilish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan oliy ta’lim muassasalariga buyurtmalar berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgangan holda xususiy sektorda kadrlarni ishga joylashtirish bo‘yicha sub’ektlar faoliyatini rag‘batlantirish tizimini yaratish va boshqa ishlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra senatorlar oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, ushbu sohada xalqaro moliya institutlarining 1 094,6 million dollar kredit mablag‘lari jalb etilgan bo‘lib, 9 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ular doirasida 19 ta ob’ektda 1 780 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, inshootlar quvvatini 1 million 82 ming m3/sutkaga oshirish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida 1 million 588 ming aholining oqova suv xizmatlari yaxshilanadi.
Oqova suvni tozalash jarayonida tuproq va yer osti suvlari hamda oqova suvning parlangan qismi atmosfera havosiga tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkent shahrida ilk bor pilot loyihasi ro‘yobga chiqarilgan. Respublika bo‘yicha oqova suvlarni to‘liq zararsizlantirish maqsadida 36 ming tonnadan ortiq kimyoviy reagentlar sarflangan.
Bundan tashqari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan suv resurslarini ifloslantiruvchi manbalar monitoringi tashkil qilingan. Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar oqova suv tozalash korxonalarini ifloslantiruvchi manbalarida nazorat-tahlil ishlari har chorakda amalga oshirilib kelinmoqda.
Respublikada birlamchi oqova suv inshootiga ega bo‘lmagan, zararlilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan yirik ishlab chiqarish sanoat korxonalari tarmoqdan uzilgan. Xususan, Toshkent shahridagi 18 ta yirik sanoat korxonasiga oqova suv xizmatini ko‘rsatish vaqtinchalik to‘xtatilgan. Natijada 3 ta korxonada birlamchi tozalash inshootlari qurilishiga erishilgan.
Biroq amalga oshirilgan ishlarga qaramay, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining jalb etiladigan mablag‘lari o‘zlashtirilishi, loyiha hujjatlarining ishlab chiqilishi, kelishilishi va tasdiqlanishi maqsadga muvofiq.
Inshootlarga me’yoridan ortiq oqova suvlar tashlanishini hisobga olish tizimi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Qashqadaryo, Xorazm, Andijon viloyatlaridagi inshootlarga yig‘iladigan oqova suvlar tozalanmasdan ochiq havzaga tashlanmoqda.
Majlisda senatorlar sohani rivojlantirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar tomonidan olib borilgan ishlar yetarli darajada emasligini qayd etib, Vazirlar Mahkamasi va mas’ul vazirlik va idoralarga topshiriqlar berdi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati