Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Konrad Adenauyer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, tashqi siyosat bilan shug‘ullanuvchi mahkamalar, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari va qator davlatlarning yetakchi olim va ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent konferensiyasining yakunlari atroflicha muhokama va tahlil qilindi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent xalaro konferensiyasi ko‘p jihatdan noyob forum bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev. –Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga kecha bergan intervyusida qayd etganidek, xalqaro konferensiyada mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar nafaqat ushbu bepoyon mintaqa davlatlarida, balki jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Konferensiya Toshkent ruhini yana bir karra namoyon etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Toshkent konferensiyasini yuqori baholab, uning savdo, iqtisodiyot, transport, aloqa, madaniyat va gumanitar hamkorlik yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli strategik loyihalarni ishlab chiqish uchun maydonchaga aylanganini ta’kidlashdi.

Konferensiya Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy aloqalar borasidagi yangi geostrategik nazarini aks ettirdi. So‘nggi bir necha asrda ilk bor mintaqa o‘zi uchun ustuvor yo‘nalish sifatida shakllanayotgan yangi muhim mintaqani belgiladi – bu Janubiy Osiyo. Toshkentda bunday keng qamrovli va o‘ta nufuzli xalqaro tadbir tashkil etilishi va muvaffaqiyatli o‘tkazilishi yangi geosiyosiy voqelikni namoyish qildi. So‘nggi yillarda butun dunyoda ta’siri va obro‘yi tobora ortib borayotgan davlat – Yangi O‘zbekiston paydo bo‘ldi.

Anjuman ishida nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari mamlakatlari, shuningdek, dunyoning eng yirik davlatlari ishtirokini ta’minlash, balki ularning nuqtai nazarlarini muvofiqlashtirishga muvaffaq bo‘lindi. Bu kamdan-kam mamlakatlar uddalay oladigan natijadir.

– Toshkent forumi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tinchlikka erishishga qaratilgan izchil siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi, – deydi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nasirov. –U Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, ko‘p asrlik bog‘langan do‘stlik, umumiy tarix va madaniyat, hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Konferensiya ishida 40 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotning 250 dan ziyod nufuzli vakili ishtirok etdi. Bu Markaziy Osiyoga qiziqishning ortib borayotganidan yaqqol dalolat beradi. Konferensiya ishtirokchilari mintaqada tinchlik, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash siyosati, shuningdek, qo‘shni hududlar bilan o‘zaro aloqalarning rivojlanishi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi va faol qo‘llab-quvvatlandi. Yuqoridagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishda tahlil markazlari faol ishtirok etishi muhim.

Bu yo‘ldagi amaliy qadam sifatida Prezidentimiz Markaziy Osiyo xalqaro instituti negizida bu masalalarning barchasini o‘rganish uchun doimiy ravishda malakali tadqiqotchilar guruhi tuzishni taklif qildi. Bu yo‘nalishda mazkur institut maqsadli ishlarni olib bormoqda. Hozirgi kunda institut tomonidan xorijiy davlatlarning 16 ta tahliliy markazi va institutlari bilan turli qo‘shma tadbirlar amalga oshirilmoqda. Boshqa tahliliy tuzilmalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolash ustida ish olib borilmoqda.

Konferensiya ishtirokchilari Afg‘onistondagi so‘nggi voqealar jadal o‘zgarib borayotgani mintaqadagi vaziyatni chuqur o‘rganib, har tomonlama tahlil qilish, tinchlik va barqarorlikni saqlash yo‘llarini topish, barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash zarurligini yana bir bor namoyon etmoqda.

Tadbir ishtirokchilari Toshkent konferensiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish uchun mintaqaviy rivojlanish va salohiyatni oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar bildirishdi.

Umuman olganda, xalqaro forum Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha dolzarb masalalar muhokamasi maydoniga aylandi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA