Prezident rahbarligida yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha aniq choralarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, so‘nggi besh yilda qishloq xo‘jaligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha 30 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilingan.
O‘tgan yili 101 ming gektar, joriy yil birinchi yarim yillikda esa 190 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlari o‘zlashtirilgan. So‘nggi 3 yilda qishloq xo‘jaligiga 1,5 trillion so‘m subsidiya ajratilgan.
Qishloq xo‘jaligini barcha yo‘nalishlarida klaster tizimi joriy qilinib (jami 650 ta klaster), ularga joriy yilning o‘zida 6 trillion so‘mdan ziyod kreditlar berilgan.
Xususan, joriy yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish hajmi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatida o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolgan.
Shu bilan birga, ayrim hudud rahbarlari mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni bilmayapti. Misol uchun, Beshariqda gektaridan 234 sentner kartoshka yetishtirilgan bo‘lsa, Toyloqda atigi 146 sentner, poliz mahsulotlari hosildorligi Beshariqda 157 sentner, Toyloqda esa 76 sentner.
– Vaholanki, Toyloq tumanining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi imkoniyatlari Beshariq tumaniga qaraganda ancha yuqori,–dedi davlatimiz rahbari.