O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g‘ururi va daromad manbai hisoblanadi. Turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bog‘lanib ketgan. Husayni, toyfi, Rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarimizning dovrug‘i uzoq-uzoqlargacha tanilgan.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida ushbu tarmoqning muhim ekanligi inobatga olinib, so‘nggi to‘rt yilda 52 ming gektar yangi tokzor tashkil etildi, sohaga 210 milliard so‘m subsidiya ajratildi. O‘tgan davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga ko‘paydi.

Yig‘ilishda uzumchilik tarmog‘ida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etildi.

bugungi kunda 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilib, sohada 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligi ta’minlangan. Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlari uzumchilikda maydon jihatidan yetakchi hududlar hisoblanadi.

Jahon bozorida xo‘raki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi o‘rinda bo‘lib, har yili unga bo‘lgan talab o‘rtacha 350 million dollarga o‘smoqda (jami yillik eksport hajmi 10 milliard dollar).

– Xo‘raki uzum bo‘yicha eksport salohiyatimiz kamida 600 million dollar (bu yil 200 million dollar), mayiz – 500 million dollar (bu yil 130 million dollar) va tabiiy vino – 100 million dollarga (bu yil 50 million dollar) teng. Bu biz uchun juda katta imkoniyat, bundan unumli foydalanishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Qayd etilganidek, Yevropada 800 million, Xitoyda 600 million, Rossiyada 300 million, Hindistonda  250 million dollarlik eksport bozori mavjud.

Mutaxassislar fikricha, 1 gektar xo‘raki uzum yetishtirish uchun o‘rtacha 100 million so‘m xarajat qilib, to‘rt yildan keyin yiliga 250 million so‘m sof foyda olish mumkin. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan bir kilogramm yog‘ning jahon bozoridagi narxi – 10-15 dollar bo‘lib, O‘zbekistonda bir yilda 1,5 ming tonna yog‘ ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

1 gektar g‘alla maydonida 2 kishi band bo‘lib, ko‘pi bilan 20 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilsa, uzumchilikda, ayniqsa, shpaler usulida 10 nafargacha aholini doimiy va mavsumiy band qilish va 300 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, o‘rtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin.

Bundan tashqari, uzum ko‘chati 4-5 yillik bo‘lganicha oraliq ekin ekish orqali yana millionlab so‘m daromad ko‘rish mumkin.

Yig‘ilishda uzumchilik sohasida yillar davomida to‘plangan tajribadan unumli foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni 7 ming gektarga kamaygan. Misol uchun, Qashqadaryoda 2,5 ming gektar, Namanganda 2,4 ming, Surxondaryoda 1,2 ming, Andijonda – 645 gektar.

Aksincha,  Jizzax, Qoraqalpog‘iston va Farg‘onada tokzorlar maydoni ko‘paygan.

 

O‘zA