O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi videokonferensaloqa tarzida o‘z ishini boshladi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.

Yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, qon donorligi sohasini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida, oqava suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish haqidagi masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

 

 Nurillo NASRIEV, O‘zA