O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Keyingi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha soha va tarmoqlarini XXI asrning yuksak demokratik talablari asosida yangilash, inson huquq va erkinliklari, manfaatlarini ta’minlash, jahon hamjamiyati bilan uyg‘un va hamnafas bo‘lib yashash, milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday strategik maqsadlarning eng muhim uzviy qismi bo‘lgan ilm-fan va ta’lim-tarbiya tizimini, jumladan, oliy ta’lim taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor masala sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda.

Ayni shu asosda insonning fundamental huquqlaridan biri bo‘lgan bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlar, malaka darajalarini egallash bo‘yicha katta imkoniyatlar yaratilmoqda.

Qisqa muddatda respublikamizda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb ikki barobar oshgani, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, yangi oliygohlar, xususan nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari ochilayotgani, tizimda o‘qishning kunduzgi shakli bilan birga kechki va sirtqi bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga qamrovi 2016 yildagi 9 foizdan bugungi kunga kelib 28 foizga yetganini alohida ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘ygan, har tomonlama rivojlangan yangi O‘zbekiston davlati va jamiyatini barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan vazifalar yurtimizda yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lgan, jahon mehnat bozori, ilm-fan va texnologiyalar olamida raqobatdosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakali, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar kadrlar tayyorlashning umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosidagi innovatsion tizimini shakllantirish borasidagi ishlarimizni sifat jihatidan yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

Bunda, hech shubhasiz, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining bayroqdori – flagmani sifatida respublikamiz va dunyo tajribasining eng ilg‘or yutuqlarini o‘zida mujassam etadigan, barcha institut va universitetlarimizga namunaviy model bo‘lib xizmat qiladigan yangi zamonaviy universitetni tashkil etish muhim ahamiyatga egadir.

Xalqimiz, avvalo, yoshlarimizning talab va istaklarini hisobga olib hamda mamlakatimizning oliy ta’lim sohasidagi kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish, bu borada farzandlarimiz uchun yanada keng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston” universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etilsin.

Belgilansinki:

Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Universitetda ta’lim jarayoni nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladi;

Universitetni tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda 5 yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi;

Universitet O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaraqlari, shtamp va boshqa rekvizitlariga ega bo‘ladi.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturlari asosida yuksak zamonaviy kasbiy bilim va malakaga ega bo‘lgan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlash;

o‘quv-tarbiya jarayonini ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan ta’lim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;

talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlashga, o‘quv materiallarini samarali va puxta o‘zlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay ta’lim muhitini shakllantirish;

ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, chet ellardagi nufuzli, tan olingan ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish;

ta’limning uzluksizligi va sifatini ta’minlash borasida Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga metodik yordam ko‘rsatish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Universitet quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshiradi:

Universitetning tuzilmasini va shtatlar jadvalini tasdiqlash, shuningdek, bakalavriat va magistraturada o‘qish tartibini belgilash;

xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida ta’lim yo‘nalishlarini belgilash, o‘quv rejalari va dasturlarini tasdiqlash hamda pedagog xodimlarning mehnatini me’yorlashtirish;

yuqori malakali, jumladan, xorijiy mamlakatlardagi yetuk mutaxassislarni jalb etish, ularga mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda Universitet xodimlarining ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilash;

bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilish shartlarini, shuningdek, talabalarni qabul qilishda test sinovlari fanlari majmuasini va o‘qish uchun to‘lov miqdorini belgilash;

innovatsiya va ilmiy faoliyatni olib borish, ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish hamda moliyaviy resurslarni jalb etish uchun tijorat va notijorat tashkilotlar (startap, jamg‘arma va boshqalar) tuzish;

xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish hamda o‘z faoliyatiga oid moliyaviy-iqtisodiy va ma’muriy boshqaruv yuzasidan qarorlarni qabul qilish;

b) Universitetda ta’lim-tarbiya jarayonlari milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida olib boriladi hamda talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat va sadoqat, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi;

v) Universitetda ta’lim jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;

g) Universitetda ta’lim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

d) talabalarni qabul qilish parametrlari Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) bilan kelishgan holda Universitet tomonidan o‘rnatiladi;

ye) Universitetda uning ilmiy salohiyatidan kelib chiqib, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

j) Universitetda ta’lim jarayoni “fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida tashkil etilib, talabalar 1-kursdan ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot markazlariga biriktiriladi hamda bitiruvchi kurs talabalari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish va bitiruv oldi amaliyotini nufuzli xorijiy kompaniyalarda o‘tash imkoniyati yaratiladi;

z) Agentlik Universitetga malakali professor-o‘qituvchilarni, jumladan, xorijiy mamlakatlar mutaxassislarini jalb qilishga yaqindan ko‘maklashadi;

i) Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet tomonidan belgilangan namunadagi diplom beriladi;

k) Universitetda talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sport to‘garaklari, san’at studiyalari, kutubxona va ekskursiyalar tashkil etiladi, turli trening va madaniy uchrashuvlar o‘tkaziladi.

4. Universitetda iqtidorli talabalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat granti quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;

Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;

Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOIg‘oliblariga;

Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga;

Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlariga.

Agentlik bir oy muddatda davlat grantini berish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. “Yangi O‘zbekiston” universitetining faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Agentlik tomonidan Universitetda ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlarining Massachusets texnologiya institutiStenford universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti, Germaniyaning Myunxen texnika universiteti va boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan muzokaralar olib borilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Agentlik:

a) bir oy muddatda:

Universitet ustavining tasdiqlanishi va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

muzokaralar yakuni bo‘yicha hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan uzoq muddatli kelishuvga erishish choralarini ko‘rsin;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladigan ta’lim yo‘nalishlarini belgilasin;

b) ikki oy muddatda Universitetni chuqur bilim, yuqori kasb mahoratiga ega, tajribali rahbar va pedagog kadrlar hamda malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

v) fakultetlar va ta’lim yo‘nalishlari ochilishidan kelib chiqib, o‘quv rejalari va fan dasturlarini joriy etish uchun Universitetni zarur moddiy-texnika vositalari, darsliklar, o‘quv va metodik adabiyotlar, laboratoriya asbob-uskunalari, sarflanadigan laboratoriya materiallari bilan butlash choralarini ko‘rsin hamda ilg‘or elektron ma’lumotlar bazalariga doimiy ulanishini ta’minlasin;

g) Universitetga homiylik, grant va byudjetdan tashqari mablag‘larni, texnik ko‘mak hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘larni jalb etishga ko‘maklashsin.

7. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

Agentlik huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Universitetda ta’lim jarayonini 2021/2022 o‘quv yilidan tashkil etish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

8. 2024 yil 1 iyunga qadar Agentlik va Universitet tomonidan olib kelinadigan o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, sarflanadigan laboratoriya materiallari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, multimedia mahsulotlari, o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlar, qurilish materiallari, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona bojidan ozod etilsin.

9. Ichki ishlar vazirligi Universitetning buyurtmanomalariga binoan Universitet xorijiy professor-o‘qituvchilari va ma’muriy xodimlariga hamda ularning oila a’zolariga davlat bojlari to‘lashdan ozod etgan holda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha yashash joyida ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.

10. Vazirlar Mahkamasi:

Universitet kampusini qurish uchun Toshkent shahrida zarur yer maydonini doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish choralarini ko‘rsin;

xorijiy loyiha va pudrat kompaniyalarini jalb etgan holda Universitet uchun zamonaviy o‘quv kampusi loyihasi ishlab chiqilishi va xalqaro standartlar asosida qurilishini ta’minlasin;

yangi bino qurilgunga qadar Universitetni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bo‘sh maydonlarida vaqtinchalik joylashtirsin.

11. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                              Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 23 iyun