O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilg‘or tajribalarini samarali qo‘llash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF‒6199-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

a) moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasida:

moddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

moddiy madaniy meros ob’ektlaridan oqilona foydalanish, shu jumladan, ularni davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish, sohani raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;

moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish, buyurtmachi funksiyasini bajarish, uzluksiz ravishda ilmiy-texnik nazorat qilish, tarixiy-madaniy ekspertiza va loyiha-smeta hujjatlarining tarixiy-madaniy qimmatga ta’siri bo‘yicha ekspertizasini amalga oshirish;

b) muzeylar sohasida:

milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini milliy muzey fondi tarkibiga kiritish, undan chiqarish, universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazish hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, rivojlantirish, muzey xodimlarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash, attestatsiyadan o‘tkazish, muzeylarning toifalarini belgilash, milliy muzey fondining ochiqligini ta’minlash va muzey ashyolari hamda muzey kolleksiyalarini o‘rganish, ommalashtirish, restavratsiya va asrashga doir ishlarni amalga oshirish;

v) alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar sohasida:

alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarni muhofaza qilish, ularning pasporti, boshqarish rejalari, rejimi, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash, ushbu hududlar va tarixiy mahallalarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolish;

tarixiy joylarni Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritishga tavsiya etish, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya talablari, YUNESKO, Umumjahon merosi markazi, Umumjahon merosi qo‘mitasi tavsiyalarining mamlakat hududida bajarilishini nazorat qilish;

g) arxeologiya sohasida:

arxeologiya tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, muvofiqlashtirish, nazorat qilish, arxeologiya tadqiqoti uchun ruxsatnoma berish, ilmiy hisobotni ekspertizadan o‘tkazish va uning saqlanishini ta’minlash;

Arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya ashyolarining davlatga topshirilishini tashkil qilish hamda fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirib qo‘yish va tasarrufdan chiqarish;

arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish, halokat yoqasidagi arxeologiya ob’ektlarida zudlik bilan tadqiqot o‘tkazilishini ta’minlash, arxeologiya ob’ektlarini konservatsiyalash, muzeylashtirish hamda arxeologiya parklarini yaratish;

d) mamlakatimiz va xorijdagi madaniy boyliklar sohasida:

madaniy boyliklarni muhofaza qilish, shu jumladan, ularning O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi va uning hududiga olib kirilishi bo‘yicha sertifikat berish va realizatsiya qilishni muvofiqlashtirish, madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o‘tkazish, ularning toifasini aniqlash, davlat reyestrini yuritish, sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasini yaratish, muntazam yangilab borish hamda asl yoki ko‘chirma nusxalari, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish;

ilmiy o‘rganish asosida olingan ilmiy ma’lumotlar va ularning tahliliy natijalariga oid bibliografik to‘plamlar, kataloglar, kitob-albomlar, axborot byulletenlari va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etish, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida keng yoritish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

3. Belgilansinki, Agentlik:

moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi;

o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

sohaga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik yoki qonun buzilishlarini bartaraf qilish haqida tegishlicha yozma ravishda ogohlantirishlar va ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi;

qonunbuzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi;

moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida ob’ektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishiladi. Bunda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar (ob’ektlar) bo‘yicha loyihalar Agentlik tomonidan YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya orqali YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishiladi;

moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining davlat reyestri Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

davlat ko‘chmas mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi;

moddiy madaniy meros ob’ektiga yetkazilayotgan zarar haqidagi holat bo‘yicha xabardor bo‘lgan paytdan boshlab davlat nazoratining dastlabki natijalari 24 soat ichida Agentlik rasmiy sayti orqali jamoatchilikka ma’lum qilinishi shart;

asrashga doir ishlarni rejalashtirish va amalga oshirishning barcha bosqichlarini ilmiy-texnik tadqiq etish uchun har bir ob’ektning o‘ziga xosligi va holatidan kelib chiqib, Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari tuziladi, asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlarida guruh a’zolari mehnatiga haq to‘lash nazarda tutiladi;

Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlari manzilli ro‘yxati Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari va Agentlikning Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosalari asosida Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri tomonidan tasdiqlanadi;

asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari va Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosalariga asosan Agentlik tomonidan berilgan ruxsatnoma bo‘lishi shart, ushbu qoidaga rioya qilmagan holda berilgan ruxsatnoma haqiqiy hisoblanmaydi;

Ilmiy-ekspert kengashi va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari a’zolariga davlat sud ekspertlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi. Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi Agentlik uchun majburiy hisoblanadi.

5. Quyidagilar:

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 65 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy boshqarmalar) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 145 nafar etib belgilansin.

Belgilansinki, Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarning tuzilmalariga qo‘shimcha 30 ta shtat birligi davlat muzeylari xodimlari sonini maqbullashtirish hisobiga ajratiladi.

Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduhakimov manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat muzeylari xodimlari sonining maqbullashtirilishini inobatga olib, davlat muzeylarining namunaviy shtatlar jadvalining belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.

6. Turizm va sport vaziriga:

Agentlikning markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, Agentlik tizimidagi boshqa tashkilotlarning tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

hududiy boshqarmalar tuzilmalari va nizomlarini tasdiqlash, shuningdek, ularda boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash huquqi berilsin.

7. Belgilansinki:

Agentlik direktorining maqomi mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari turizm va sport vazirining taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Agentlik xodimi sifatidagi ish staji boshqa davlat organlariga, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarga ishga o‘tish chog‘ida navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olish, shuningdek, harbiy va maxsus unvonlar uchun ustamalar hamda uzoq muddatli xizmat uchun qo‘shimcha haqlar hisoblash uchun ish stajiga qo‘shib hisoblanadi;

moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarida asrashga doir ishlarni rejalashtirish, amalga oshirish, muvofiqlashtirish va ilmiy-texnik nazorat qilish 3-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

8. Agentlikning byudjetdan tashqari Madaniy meros jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat muzey-qo‘riqxonalariga tegishli moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berishdan tushgan mablag‘larning 90 foiz miqdori;

davlat mulki bo‘lgan boshqa tashkilotlarga tegishli moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish va chiptalar sotilishidan tushgan pul mablag‘larining 50 foiz miqdori;

muzey-qo‘riqxonalarda chiptalar sotilishidan tushgan pul mablag‘larining 50 foiz miqdori va davlat muzeylarida chiptalar sotilishidan tushgan pul mablag‘larining 10 foiz miqdori;

madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o‘tkazish, realizatsiya qilish uchun davlat xizmati ko‘rsatish, olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat, Milliy muzey fondining davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berish hamda uning tarkibidan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini chiqarish uchun to‘lovlar;

moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat kadastriga kiritish va chiqarish, tarixiy-madaniy hududning pasportini ko‘rib chiqish va tasdiqlash, aholi punktlari bosh rejalarining loyihalarini ko‘rib chiqish va ularga xulosa berish uchun to‘lovlar;

moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini asrashga doir ishlar uchun ruxsatnoma va litsenziya berish, ilmiy-texnik nazorat qilish, shuningdek, tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining tegishli ekspertizalari, restavrator-ustalarga malaka sertifikati berish uchun to‘lovlar;

moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlarini o‘tkazishga oid loyihalar, merosga bo‘lgan ta’sirini baholash hisobotlarini ko‘rib chiqish uchun to‘lovlar;

moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganligi hamda nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganligi uchun to‘lanadigan jarimalar, shuningdek, davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy meros ob’ektlariga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha mablag‘lar;

vakolatli organlar tomonidan Agentlik, uning tizimidagi tashkilotlar va davlat muzeylari, muzey-qo‘riqxonalari faoliyatini, shuningdek, moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishni tekshirish natijalari bo‘yicha aniqlangan noqonuniy sarflangan byudjet mablag‘larining, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalarining Davlat byudjetiga yo‘naltiriladigan qismi;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

9. Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari:

moddiy madaniy meros ob’ektlarini, shu jumladan, arxeologiya merosi ob’ektlari, madaniy boyliklar hamda muzey ashyolari va kolleksiyalarini muhofaza qilish, konservatsiyalash, restavratsiya qilish, tuzatish, ta’mirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, shuningdek, ular bilan bog‘liq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish;

moddiy madaniy meros ob’ektlarining davlat kadastrini, arxeologiya ashyolari, milliy muzey fondining davlat kataloglari va pasportlarini yuritish, muzeylar faoliyati va arxeologiya tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, targ‘ibot va ommalashtirish ishlarini tashkil etish;

alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va tarixiy mahallalarni muhofaza qilish;

Agentlik va hududiy boshqarmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish va raqamlashtirish, sohada huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga samarali qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;

ekspertlarni, jumladan, xorijiy mutaxassislar, Ilmiy-ekspert kengashi, Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari a’zolari mehnatiga haq to‘lash, jamoatchi inspektorlar, Agentlik va hududiy boshqarmalarning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, Agentlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etish;

qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan Agentlik faoliyati bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

10. Quyidagilar:

2021-2022 yillarda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

2021-2022 yillarda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish, ularningraqamlashtirilgan pasporti va katalogini ishlab chiqishning maqsadli ko‘rsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

2021-2023 yillarda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash va raqamlashtirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 6-ilovaga muvofiq;

2021-2023 yillarda davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish maqsadli ko‘rsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlar 2021 yilda Jamg‘arma va madaniy meros ob’ektlarini asrash uchun ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, 2022-2023 yillarda Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutiladi.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Agentlik, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi bilan birgalikda har yarim yil yakunida o‘z hududlarida joylashgan moddiy madaniy meros ob’ektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, asrash va ulardan oqilona foydalanish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining but saqlanishi holati haqida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot berib borsin.

Vazirlar Mahkamasi har chorakda mazkur qaror bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” va maqsadli ko‘rsatkichlarning to‘liq bajarilishini tanqidiy tahlil qilib, Agentlik, tegishli vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari faoliyatiga baho berib borsin.

12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq moddiy madaniy meros ob’ektlari va muzeylar sohasidagi davlat xizmatlari 8-ilovaga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab elektron shaklda ko‘rsatiladi. Bunda, ushbu ro‘yxatga kiritilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda:

Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki arizachining o‘zi bevosita Agentlikning tegishli tuzilmasiga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Arizachining o‘zi bevosita murojaat qilganda uning murojaati Agentlik xodimi tomonidan maxsus elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart;

davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshirish orqali kvitansiya talab qilish bekor qilinadi;

Agentlik mas’ul xodimlari va fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassislar, ekspertlar tomonidan tegishli ko‘chmas mulk va ko‘char ashyolar shaxsan ekspertizadan o‘tkaziladi;

ekspertiza o‘tkaziladigan manzil, vaqt va ma’lumot uchun telefon raqamlari hamda davlat xizmati ko‘rsatish natijasi haqida SMS yuborish orqali arizachi xabardor qilinadi;

davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali beriladi.

13. Belgilansinki, moddiy madaniy meros ob’ektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish ob’ektlari (keyingi o‘rinlarda – namoyish ob’ektlari):

ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi PF–6199-son Farmoni bilan tuzilgan Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadi;

ro‘yxatiga kiritilgan namoyish ob’ektlariga kirish-chiqish joylarida 2021 yil 1 oktyabrga qadar elektron turniketlar yoki tashrif buyuruvchilarni avtomatik hisobga olishga mo‘ljallangan boshqa moslamalar “Raqamlashtirish va avtomatlashtirish markazi” DUK tomonidan, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida o‘rnatilishi hamda ular tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilinishi shart.

2022 yil 1 yanvardan boshlab namoyish ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan namoyish ob’ektlarida chiptalar savdosini tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish deb baholanadi.

14. Turizm va sport vazirligi (A.A.Abduxakimov) ikki oy muddatda:

tizimga integratsiya qilinishi lozim bo‘lgan namoyish ob’ektlari ro‘yxatini shakllantirsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatning e’lon qilinishini ta’minlasin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4068-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021 yil 1 oktyabr va 2022 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 19 iyun