Hammamiz uchun bag‘oyat hurmatli, aziz Shavkat Miromonovich!

Biz uch kundan buyon na tilda, na qog‘ozda tasvirlab bo‘lmaydigan taassurotlar og‘ushida yashayapmiz. Mamlakatimiz poytaxti – Dushanbeda bo‘lib o‘tgan «Do‘stlik oqshomi»da Siz va Tojikiston Respublikasi Prezidenti, Millat peshvosi, hurmatli Emomali Rahmonning ikki xalq do‘stligini yanada mustahkamlash borasida chin dildan aytgan so‘zlaringiz tojik do‘stlarimizga ham, biz – Tojikistonda yashayotgan yuz minglab o‘zbeklarga ham g‘oyatda yuksak bir kayfiyat bag‘ishladi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Sizga mamlakatning eng oliy mukofoti – «Zarrintoj» ordenini topshirar ekan, Siz – ikki donishmand, ikki do‘st, ikki mamlakat xalqlari manfaati, baxtu saodati uchun barcha qiyinchiliklarni yengib chiqqan rahbarlari do‘stligi, qadrdonligiga jahonning bor mamlakatlaridagi prezidentlar, bosh vazirlar, umuman, barcha sarvarlar havas qilishlari borasida o‘yladik.

Qadimiy Xo‘jand yaqinidagi mustaqil Tojikiston hayotida tub burilish yasagan tarixiy «Arbob» qasridagi biz – ziyolilar va faollar bilan muloqot paytida aytgan so‘zlaringiz esa, faqat bu uchrashuv qatnashchilarini emas, balki uni teleekranlar orqali tomosha qilgan millionlab insonlar kayfiyatini samoga ko‘tardi. Biz kim bilan suhbatlashmaylik, mavzu faqat bitta – Siz va Emomali Rahmonning O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari do‘stligini yanada mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yuqori cho‘qqiga ko‘tarish yo‘lida qilayotgan qiyosi yo‘q sa’y-harakatlaringiz haqida bo‘ldi. Har ikkovingizga uzoq umr tilab duoga qo‘l ochgan otaxon va onaxonlardan tortib yosh yigit-qizlargacha ehtiroslarini yashirmasdan, samimiy so‘zlar ta’siridagi hayajonlarini bosa olmasdan, hatto ayrimlarining ko‘zlarida sevinch yoshlari qalqib, bu ulug‘ insonni baxtimizga Yaratganning o‘zi yubordi, deyishardi.

Sizning ulkan siyosiy irodangiz, tashabbusingiz, buni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon qo‘llab-quvvatlashi, xalq ta’biri bilan aytganda, tom ma’noda qo‘lni qo‘lga berib ishlashlaringiz natijasida oradan sovuqlik ko‘tarildi, temir darvozalar ochildi. Har ikki mamlakat aholisiga hech qanday vizasiz bordi-keldi qilish imkoni yaratildi. Uzoq yillardan so‘ng samolyotlar Dushanbedan Toshkentga, Toshkentdan Dushanbega parvoz qila boshladi. Shaharlararo avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Statistik ma’lumotlarga tayanilsa, pandemiyagacha Tojikistonga eng ko‘p mehmon O‘zbekistondan kelgan. Qarindoshlar istagan paytlarida bir-birlarining diydorlariga to‘yish imkoniga ega bo‘lishdi.

Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni afzal, degan gaplar bor. O‘zbekistonning Tojikiston uchun qanchalik qadrdonligi ayniqsa, pandemiya paytida bilindi. Birinchi bo‘lib bizga yordam O‘zbekistondan yetib keldi. Avvaliga dori-darmon, tibbiy jihozlar, ortidan ko‘chma gospital, «Tez yordam» mashinalari, eng tajribali virusolog shifokorlar… Hisob-kitoblarga qaraganda, pandemiya paytida O‘zbekistonning Tojikistonga ko‘rsatgan yordami hatto Xitoy kabi jahonning yirik mamlakati yordamiga qaraganda bir necha baravar ko‘p ekan!

Ayni bir paytida Sardobada tabiiy ofat yuz berganda Tojikiston hukumati yordam qo‘lini cho‘zdi.

Bu – chinakam og‘ayni, do‘st, qardosh ikki xalqning samimiy amallari edi.

O‘zbekistonda tojiklar ham yashaganidek, Tojikistonda ham azal-azaldan o‘zbeklar yashab kelishadi. Sovet Ittifoqi Qahramonlari To‘ychi Eryigitov, O‘rinbek Yoqubov, ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni Abdug‘afur Samatov, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari Asqarali Mirzayev, Imomnazar Xo‘janazarov, mashhur balet raqqosasi, SSSR Xalq artisti Malika Sobirova, shoir Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi O‘lmas Jamol, davlat arboblari Begali Ahmadaliyev, Jo‘ra Shokirov, tarix fanlari doktori Abduhamid Gadoyev, navoiyshunos olimlar, filologiya fanlari doktorlari, professorlar Ergashali Shodiyev, Abdusalom Abduqodirov, falsafa fanlari doktori, professor Homid Po‘latov kabi o‘zbeklar o‘z mehnatlari bilan Tojikistonni ulug‘lashdi, Tojikiston esa, ularni ulug‘ladi.

Hozir ham viloyatimizda o‘zbek xalqi shuhratini yoyayotgan olimlar, adiblar, shoirlar, san’atkorlar, tadbirkorlar, rahbarlar ko‘p.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizning Tojikistonga bu galgi tashrifingizdan so‘ng ikki mamlakat, ikki xalq manfaati ko‘zlangan o‘ttizdan ortiq shartnoma imzolanganini eshitgan tojikistonliklar aynan do‘stlik tufayli hayotlarining yanada yaxshilanishidan cheksiz mamnun bo‘lishmoqda. Jumladan, Zarafshon daryosida ikkita GES qurilishi faqat uylarni nurafshon etmasdan, balki dillarni ham charog‘on etadi. Yangi sanoat korxonalari quriladi va minglab kishilar doimiy ish bilan ta’minlanadi. Xuddi shunday “Uz Avto Motors” bilan hamkorlikda quriladigan avtomobil zavodi ham yuzlab oilalarga rizq-ro‘z ulashadi.

Ishlab chiqarishda bo‘lganidek, ilmiy va madaniy sohalardagi hamkorliklar kuchaytirilishi bizni quvontirgandan-quvontirdi. Ayniqsa, keyingi uch yilda biz o‘zbekistonlik olimlar bilan yaqin hamkorliklar o‘rnatdik. Birgina akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat universiteti O‘zbekistondagi yigirmata oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik qilmoqda. Mazkur universitetning o‘zbek filologiyasi fakulteti olimlari Toshkent, Buxoro, Farg‘onada bo‘lib o‘tgan xalqaro onlayn ilmiy-adabiy konferensiyalarda o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashishdi.

O‘zbekistonda Tojikiston, Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilishi istiqlol yillarida bu soha xodimlari erishgan yutuqlar bilan tanishtirish uchun muhim imkoniyat yaratdi. Toshkentda Tojikiston Qahramoni, Tojikiston xalq shoiri Mirzo Tursunzodaga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Toshkentdagi yangi metro bekatlaridan biri bu ulug‘ tojik shoiri nomiga qo‘yildi. Dushanbeda esa, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidovga bag‘ishlangan bir-biridan mazmunli tadbirlar o‘tkazildi.

Uzoq tanaffusdan so‘ng o‘zbek ijodkorlarining asarlari tojik tiliga, tojik ijodkorlarining asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilmoqda. Adabiy ko‘priklar qayta tiklanmoqda.

Teatr va kino sohasidagi hamkorliklar ham tobora kuchaymoqda. Juda katta tanaffusdan so‘ng Toshkentdagi Muqimiy nomli muzikali drama va komediya teatri ijodiy jamoasi Xo‘jandga tashrif buyurib spektakl va konsert ko‘rsatdi. Xo‘jandlik teatr muxlislari Namangandagi Alisher Navoiy nomli teatr san’atkorlarini ham iliq kutib olishdi. O‘z navbatida Tojikistondagi Shukur Burhonov nomli o‘zbek teatri besh kun davomida Namangan viloyatida ijodiy safarda bo‘ldi.

Yaqindagina Dushanbeda o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi. «Ilhaq» filmi Tojikiston telekanallarida ham ko‘rsatildi. Ayni shu o‘rinda o‘zbek kinosida Nodirabegim, Maysara kabi o‘nlab obrazlar yaratgan Tojikiston Xalq artisti Sayram Isayevaga o‘zbek kinosidagi mislsiz xizmatlari uchun O‘zbekistonning «Oltin humo» mukofoti berilganini eslatish joiz.

Arbob qasrida so‘zlagan nutqingizda o‘zbek va tojik xalqlarining qadimiy do‘stligidan hikoya qiluvchi, mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Alisher Navoiyning yuz yillar davomida tillardan tushmay kelayotgan buyuk do‘stligi haqida badiiy film yaratish zaruriyati haqidagi qimmatli g‘oyangizni biz, Sug‘d viloyatidagi ziyolilar benihoya mamnunlik bilan kutib oldik. Albatta, bu buyuk do‘stlik yoshlar uchun ibrat namunasi bo‘ladi. Va yaratilajak badiiy film o‘zbek va tojik do‘stligiga chetda va chekka-chekkada biqingancha tosh otayotgan ayrim g‘arazli kimsalar niyatini yana bir marta puchga chiqaradi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizning chet mamlakatlarda yashayotgan o‘zbek ijodkorlariga g‘amxo‘rlik borasidagi yangi tashabbusingiz Tojikistondagi adib va shoirlar ilhomiga ilhom qo‘shdi. Tojikistonda, jumladan, viloyatimizda yashab, ijod qilayotgan o‘zbek ijodkorlari o‘z asarlarini katta o‘zbek adabiyotiga hissa bo‘lib qo‘shilishi uchun mudom intilishgan. Endi esa, Siz, aziz Shavkat Miromonovich, bu intilishga oydin yo‘l ochdingiz!

Chehrasi, yurish-turishi, urf-odati, to‘y-hashami bir-biriga o‘xshash, orzu-niyatlari bir bo‘lgan ikki qondosh, jondosh xalq baxtiga Siz va hurmatli Emomali Rahmon boshlayotgan har bir ezgu ishning amalga oshishiga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Jo‘rabek Nabiyev,

Tojikiston Xalq artisti,

Abduvali Berdialiyev, Qamariddin To‘xliyev,

akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand Davlat

universiteti professorlari,

Munavvara Oymatova,

mazkur universitet o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani muovini, dotsent,

Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi, shoira va adiba.

Feruza Qayumova,

filologiya fanlari nomzodi, akademik Bobojon G‘afurov

nomli Xo‘jand davlat universiteti gumanitar fanlar kafedrasi

mudiri, shoira, tarjimon,

Abduvoris Mingboyev,

mazkur universitet dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi,

Farhod Jo‘rayev,

Sug‘d viloyati o‘zbeklar jamiyati raisi, «Sug‘d haqiqati»

viloyat gazetasi bosh muharriri,

To‘raqul Rizoqulov, Tojikiston huquq, biznes va siyosat

universiteti rektori muovini, professor,

Xayrullo Abduqodirov,

iqtisod fanlari doktori.

O‘rinboy USMON,

yozuvchi, dramaturg va tarjimon, Tojikiston Yozuvchilar

ittifoqi a’zosi

Asliddin Poʻlatov,  

Xujand davlat unversiteti professori,

siyosatshunoslik fanlari doktori

OʻzA