Surxondaryo viloyati faollari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari ijtimoiy sohani rivojlantirish, ta’lim sohasida amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, Surxondaryo viloyatida maktabgacha ta’lim qamrovi 41,5 foizni, jumladan Bandixonda 20 foiz, Denovda 27 foiz, Qumqo‘rg‘onda 32 foizni tashkil etish uchun choralar ko‘riladi.

2021-2022 yillarda 22 ta davlat, 37 ta davlat-xususiy sheriklik, mingdan ortiq oilaviy bog‘chalarni barpo etish, bir yillik majburiy maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil qilish orqali, qamrovni 60 foizga yetkazish lozimligi qayd etildi.

– Bog‘cha ochadigan tadbirkorlar davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlanadi, – dedi Prezident. – Oilaviy bog‘chalardagi bolalar sonini 25 nafardan 50 nafargacha oshirish va 4 nafargacha xodim yollashga ruxsat beriladi. Bunday bog‘chalarga mebel va jihozlar sotib olish uchun 30 million so‘mgacha, 3 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 foizli kreditlar ajratiladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarga qatnaydigan har bir bola uchun byudjetdan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 50 foizdan 75 foizga oshiriladi. Ularning elektr va tabiiy gaz bo‘yicha xarajatlarining 50 foizi byudjet hisobidan qoplab beriladi.

– Bu ishimizdan maqsad, har bir onaning farzandi faqat bog‘chaga borsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Men kecha borgan oilada “Nevaram bog‘chaga boradi. Sog‘ligi ham joyida, bilimi ham yaxshi. Bularni ko‘rib o‘zimiz xursand bo‘lyapmiz”, degan gaplarni eshitdim. Biroq shu paytgacha tumanlar hokimlari bu ishlarni tashkil qilsa bo‘lardi. Deputatlar ertaga aholiga bu sa’y-harakatlar haqida tushuntirsin.

 

O‘zA