Xalqaro anjuman

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 21 may kuni “COVID-19 pandemiyasi sharoitida Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda imkoniyatlar va xavf-xatarlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari olimlari, tadqiqotchilar, xorijiy oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari professor-o‘qituvchilari qatnashdi.

Konferensiya davomida to‘rtta tematik bo‘limda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, xalqaro hamkorlik jihatlari, pandemiya sharoitida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda tahdid va imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzalarda iqtisodiy o‘sish va bandlikni ta’minlash, pandemiya davrida va inqirozdan keyin ijtimoiy himoya tizimi, samarali boshqaruvning institutsional va huquqiy jihatlari, barqaror rivojlanish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish, ta’lim va xizmatlar sifatini oshirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarining oldini olish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar pandemiyaga qarshi tizimli choralar ko‘rish borasida mintaqa mamlakatlari orttirgan tajribani o‘rgandi, bu COVID-19 tarqalishi oqibatida kelib chiqadigan xatar va tahdidlarni, inqirozni bartaraf etish bo‘yicha muhim ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, Markaziy Osiyoda BRMni amalga oshirishda muvaffaqiyatga erishish imkonini beradi.

– Pandemiya jahonda misli ko‘rilmagan ofat bo‘ldi. U iqtisodiyotga, ijtimoiy rivojlanishga, ayniqsa, jamiyat taraqqiyotiga katta zarba berdi, –dedi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

– Shu bois, birinchi saboqlar, kelgusida qilinadigan ishlar to‘g‘risida xulosa qilish olimlar oldida turgan eng asosiy mavzulardan biridir. Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, ya’ni o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish pandemiya oqibatlarini bartaraf etishda juda muhim. Ofat davri shuni ko‘rsatdiki, xalqaro savdo hajmi pasayib ketdi. Bu mintaqaviy iqtisodiy o‘sishga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Anjumanda mintaqaviy savdoni kengaytirish orqali iqtisodiyotni tiklash va uni barqaror rivojlanish omili sifatida ko‘rish muhokama qilindi. Bundan tashqari, mintaqaviy savdo orqali ish o‘rinlari yaratish, bu yo‘lda davomli ta’lim tizimini rivojlantirish borasida fikr almashildi. Bu kabi anjumanlar Senat uchun kerakli tavsiyalar ishlab chiqishda ko‘mak beradi.

– Pandemiya tufayli insoniyat so‘nggi 30 yilda rivojlanish indeksida ilk bor katta pasayishga duch keldi, – dedi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.

– O‘zbekistonda ham tibbiyot tizimi, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda muammolar paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, mamlakatingiz 2020 yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiy o‘sishga katta e’tibor qaratib, muhim natijalarga erishdi.

BMT Taraqqiyot dasturi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston bilan birgalikda ishlamoqda. Bular – davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch, ijtimoiy himoya, “yashil” iqtisodiyotga e’tibor qaratish va raqamlashtirish. Bular pandemiya davrida taraqqiyotdan to‘xtab qolmaslik uchun hayotning barcha jabhalarini raqamlashtirish siyosatini amalga oshirish va jadal sur’atlarda o‘sishga erishish imkonini beradi.

 

Yulduz O‘rmonova, O‘zA