Tailandga 35 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan 19, 20 yoshli ikki nafar toshkentlik qizni qutqarish “Istiqbolli avlod” tashkilotining birinchi operatsiyasi bo‘ldi.

Tashkilot rahbari Nodira Karimova elchixona ko‘magida qizlar bilan uchrashar ekan, aldangan qizlar faryodiga dosh bera olmay o‘zi ham uzoq yig‘laganini eslaydi.

Restoranda ishlaysizlar, deb olib ketganlar ularni fohisha sifatida sotib yuborgan edi. Qizlarning tinimsiz qarshiliklaridan keyin ularga «ish beruvchi» boshqa topshiriq bergan. Qo‘llariga sumka tutqazib, uni boshqa manzilga yetkazib berishsa, qo‘yib yuborishlarini aytishadi.

Buni qutilish imkoni, deb bilgan qizlar hech narsani o‘ylamay yo‘lga chiqadi. Ammo yo‘lda qo‘lga tushib, aslida katta miqdorda narkotik modda olib ketayotganliklarini keyin biladi. Shu tariqa qamoq, sud va 35 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosiga mahkum bo‘ladi. Eng yomoni, bu yoshgina qizlar na til, na qonunni bilmagani uchun ham o‘zlarini himoya qila olmaydi.

Aldangan qizlarni qanday qutqarish kerak?

Hali tajriba ham, imkoniyatlar ham yetarli bo‘lmagani uchun bu savol Nodira opaning yuragini kemira boshladi. Shunday og‘riq bilan Toshkentga qaytgan opa qizlarning yaqinlari bilan uchrashdi. Endi farzand dog‘ida quyayotgan onalar bilan birga ko‘z yosh to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Tursa ham, o‘tirsa ham, uxlasa ham qizlar hayolidan ketmas, hatto tushlarida ham ularni ko‘rardi.

Bu muammoni yuragiga qattiq olganidan opa infarktni ham boshidan o‘tkazdi. Biroq aslo chekinmadi. Xalqaro tashkilotlar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarga tinimsiz murojaatlar yo‘llab, yordam so‘rashni kanda qilmadi. Orada Tailandga borib, qizlardan xabar ham olib turdi. Hatto Tailand qiroliga ham yordam so‘rab maktub yozdi. Faqat oradan ancha vaqt o‘tib yuzlab murojaatlar tufayli ular ozod etilib, yurtimizga qaytarildi.

2001 yil 20 mayda tashkil etilgan “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti aslida qizlarni hayotga tayyorlash, ya’ni ularga kasb o‘rgatish, psixologik jihatdan oilaga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Shuning uchun ham tashkilotga shu nom tanlangan edi.

Biroq tashkilot ish boshlashi bilan qizlar bilan bog‘liq muammolar haqida xabarlar kela boshlagan. Ya’ni, o‘zbekistonlik qizlarning xorijiy davlatlarga aldov yo‘llari bilan borib qolib, turli qiyinchiliklarga duchor bo‘layotgani haqidagi xabarlar tashkilot rahbarini tashvishga solib qo‘ydi.

Shu tariqa tashkilotning faoliyati o‘zgarib ketdi. Nodira opa xorijda jabrlanayotgan qizlarga yordam berishga bel bog‘ladi. Yuqorida eslangan voqea esa 2002 yilda sodir bo‘lgan.

– Bu ishga bel bog‘laganimizda shunchalik qiyin bo‘ladi, deb o‘ylamaganman, – deydi N.Karimova. – Chunki bizni davlat tashkilotlari o‘sha paytda negadir yaxshi qabul qilmas, yomon yo‘lga kirgan qizlarga ko‘maklashayotganimni yuzimga aytganlar ham bo‘lgan. Aslida esa ishsizlik, moddiy qiyinchilik tufayli odamlarimiz, ayniqsa yoshlar xorijdagi katta maoshli ish va’da qilingan yolg‘on va’dalar qurboniga aylanayotgan edi. 2000 yillarda bunday muammolar haqida ochiq gapirilmasdi. Lekin biz yo‘ldan qaytmadik, muammo haqida so‘zlash imkoni tug‘ildi, deguncha bu haqda gapirardik. Asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham bizni eshitadigan, ko‘maklashadigan davlat va xalqaro tashkilotlar ko‘payib bordi. Xorijiy yurtlarda qiyin ahvolga tushgan odam savdosi jabrdiydalarini aniqlash, ularga ko‘mak ko‘rsatish, ortga qaytarish ishlari bir muncha yengillashdi. Hozirgi kunda nafaqat yirik xalqaro tashkilotlar, balki jabrlanuvchilarga ko‘mak ko‘rsatadigan yuzlab nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilamiz.

Shu tariqa mazkur tashkilot faoliyat ko‘lamini ham kengaytirib bordi. Avval Toshkent shahri miqyosida ish yuritgan bo‘lsa, keyinchalik tashkilotga Respublika maqomi berildi.

E’tiborlisi, o‘tgan 20 yillik faoliyati davomida Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi xorijda qiyinchilikka, qullikka mahkum bo‘lgan 20 mingga yaqin yurtdoshimizga ko‘mak ko‘rsatib, ularni ortga qaytardi.

Tashkilotning «Dolzarb aloqa tarmog‘i»da qo‘ng‘iroqlar tinmaydi. Chunki bu raqamni bilmay turib xorijga chiqib ketayotganlar deyarli yo‘q. Boisi «Qullikka tushib qolmang! Agar shunday bo‘lsa «Dolzarb aloqa tarmog‘i» – +998 94 143 94 94 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!», degan chaqiriqni aeroport, vokzal, elchixona, ko‘cha, mahallalar, ijtimoiy tarmoqlar kabi ko‘plab joylarda uchratish mumkin.

Tashkilot xodimlari, volontyorlari jamoat joylari, aeroport va vokzallar, chegara punktlarida bo‘lib, ogohlikka chaqiruvchi bukletlarini doimiy ravishda tarqatib keladi.

“Istiqbolli avlod«ning tinimsiz sa’y-harakatlari bugungi kunga kelib e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. 2020 yilda tashkilot rahbari N.Karimova «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva odam savdosiga qarshi kurashishda Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi katta namuna ko‘rsatayotganini e’tirof etdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tashkilot o‘z faoliyatini grantlar ajratiladigan loyihalar asosida davom ettirib kelmoqda. Muttasil yigirma yil grant mablag‘larini qo‘lga kiritish esa oson ish emas. Katta bir dovonni samarali ishlar, natijalar bilan bosib o‘tgan bunday tashkilotlar davlat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishga arziydi.

Darvoqe, bugun “Istiqbolli avlod” tashkiloti tashkil topgan kun.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA