Bugun, 13 may kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tuman tibbiyot birlashmalari faoliyati tanqid qilindi.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov tuman va shahar hokimlari bilan birga, oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda xizmatlar sifatiga, ularni jihozlashga hamda birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirishga shaxsan mas’ul ekani aytildi.
– Tuman va shahar hokimlari bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Agar ular qo‘shimcha mablag‘ ajratib, o‘z hududidagi oilaviy shifokor punkti
va poliklinikalarda sharoitni yaxshilasa, malakali shifokorlarni ko‘paytirsa, aholining 70 foiz muammolari joyida hal bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, Kitob tumanida xatlov natijasiga ko‘ra, bir oy ichida uchinchi va to‘rtinchi guruhga mansub 20 turdan ortiq kasalliklar bo‘yicha 1,5 ming nafar bemorlarga joyida kerakli yordam ko‘rsatilgani bois, viloyat va respublika shifoxonalariga murojaat 2 baravarga kamaygan.
Karmana va Boyovut tumanlari, Kattaqo‘rg‘on va Chirchiq shaharlarida ham aholi bilan “mahallabay” tizimda ishlash o‘z samarasini bermoqda.
Aksincha, 20 ta tumanda tibbiyot birlashmalarining ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan. Bular – Qorovulbozor, Chiroqchi, Qamashi, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Marhamat, Jalaquduq, Zarbdor, Mingbuloq, Pop, Oqdaryo, Sayxunobod, Angor, Pskent, Yuqorichirchiq, Yozyovon, Uchko‘prik, Yangiariq, Xiva, Sergeli tumanlaridir.
Davlatimiz rahbari tuman tibbiyot birlashmalari faoliyati bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermasligini tanqid qildi.
– Tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari mahallalarda yurishni unutgan, ular kabinetda o‘tirib kasalni qabul qilishni o‘ylayapti. Ular bu uchun tashkil qilinmagan-ku? Umuman bu tizimni o‘zgartirish kerak. 20 ta tuman ro‘yxati bor, Bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev ushbu tumanlar tibbiyot birlashmalari faoliyatini ko‘rib chiqishi kerak. Tuman rahbarlari shoshilinch yordam bo‘limlari bilan birga “mahallabay” yurish tizimini mutlaqo boshqacha joriy qilishimiz kerak. Qanday og‘ir bo‘lmasin, bizda bu tizim yo‘q. Kechagi “rayzdrav” bugungi islohotlarni amalga oshirolmaydi, – dedi Prezident.
O‘zA