Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 18 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tibbiyot sohasidagi islohotlarning Sog‘liqni saqlash vazirligi, uning viloyat, tuman va shahar quyi bug‘inlari hamda mahalliy ijro idoralari tomonidan qay darajada amalga oshirilayotgani batafsil muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari tibbiyot tizimida 5 ta yo‘nalishda jiddiy o‘zgarishlar qilish shart ekanini ta’kidladi.

Birinchisi – birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish.

Ikkinchisi – ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash.

Uchinchisi – raqamlashtirish orqali sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.

To‘rtinchisi – tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida raqobatning rivojlanishi

va xususiy sektor jadal kirib borishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash.

Beshinchisi – tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish.

Yig‘ilishda bu vazifalarni qanday tashkil etishi bo‘yicha sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, tibbiyot muassasalari rahbarlarining axborotlari tinglandi.

 

O‘zA