Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportida oltinchi “Boeing-787 Dreamliner” samolyotini tantanali kutib olishdi. Shu munosabat bilan «Orzu kemasi»da Orol dengizi mintaqasi uchun olib kelingan ijtimoiy yuklarni yetkazib berishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va xodimlari, ommaviy axborot vositalari hamda turli idoralar jamoatchilik vakillari va mehmonlar ishtirok etdi.
“Dreamliner” har doim eng avvalo, yo‘lovchilar qulayligiga e’tibor qaratgan. Uning «Orzu layneri» deb atalishidan ham anglash qiyin emas, shu bois modeldagi asosiy innovatsion g‘oyalar dvigatel va shassidagi shovqinni imkon qadar kamaytirishga qaratilgan.
Alohida e’tirof etish joizki, O‘zbekiston Milliy aviatashuvchisi 2016 yilning avgust oyidan boshlab “Boeing 787 Dreamliner” samolyotining Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachilaridan biri sifatida ushbu havo kemasining tijoriy ekspluatatsiyasini boshlagan. Mazkur rusumdagi ikkinchi samolyot 2016 yil noyabr oyida, uchinchisi esa 2018 yil may oyida aviakompaniya parkini to‘ldirgan edi.
Yurtimiz hamda aviakompaniya rahbariyati tomonidan 2019 yilning aprelida to‘rtinchi hamda iyul oyida beshinchi “Dreamliner” ham munosib ravishda qarshi olindi.
Ushbu samolyot sahnida o‘zingizni ilk daqiqalardanoq uyingizdagidek his eta boshlaysiz.
Ayniqsa, kiraverishdagi o‘ziga xos kenglik darhol e’tiboringizni tortadi, chunki bu yerda keng xoll yo‘lovchilar gavjumlashishining oldini oladi. “Dreamliner” ishlab chiquvchilari samolyotning ichki muhiti va dizayniga ham alohida e’tibor bilan yondashgan. “SkyInterior” maxsus yoritish tizimi “Orzu layneri”ning parvoz bosqichidan kelib chiqqan holda sahn rangini o‘zgartira olish imkoniga egadir. Hatto bir xil yorug‘lik hosil qilish uchun illyuminator oynalari rangi ham avtomatik ravishda qorayadi.
Parvoz davomida sahndagi havo namligini nazorat qiluvchi mikroiqlim tizimi ishlab turadi.
“Boeing” korporatsiyasi va “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi o‘rtasida ijtimoiy yordam yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik dasturi doirasida ushbu laynerda yurtimizga ijtimoiy ko‘makning uchinchi partiyasi ham olib kelindi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun taqdim etilgan mazkur insonparvarlik yordam yuki Orol dengizi mintaqasiga yetkazib beriladi. “Project C. U. R. E.” (Commission on Urgent Relief and Equipment) tomonidan taqdim etilgan mazkur yordamning umumiy qiymati 100 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
“Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov aviakompaniya va “Boeing” korporatsiyasi o‘rtasidagi uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikning yuqori darajasiga fuqaro aviatsiyasi sohasidagi qo‘shma loyihalarni mamlakatimiz hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotganligi natijasida erishilganligini va ushbu hamkorlik bundan keyin ham samarali davom etishini ta’kidladi.
Project C. U. R. E. (Commission on Urgent Relief and Equipment)ning hukumat va nodavlat tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha direktori Melisa Esposti va “Boeing Commercial Airplanes”ning hukumat operatsiyalari bo‘yicha vitse-prezidenti Bill Maksherri “Uzbekistan Airways” AJ va O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istondagi tibbiyot muassasalariga yordam berish dasturi bo‘yicha ishlashdan mamnun ekanliklarini e’tirof etib, hamkorlik uchun Milliy aviatashuvchiga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdi.
MA’LUMOT O‘RNIDA
“Boeing 787−8” «Orzular layneri» yo‘lovchilarining barcha ehtiyojlarini hisobga olgan. Samolyotning biznes-klassida 180 darajada ochiladigan kreslolar mavjud. Iqtisod-klass o‘rindiqlar orasidagi masofa kengligi esa baland bo‘yli odamlarga o‘rindiqda o‘zlarini qulay his etishlari imkonini beradi. “Boeing 767” bilan taqqoslaganda “Dreamliner” samolyotining yoqilg‘i samaradorligi 10 foizga, har bir yo‘lovchiga nisbatan hisoblaganda esa 20 foizga yetadi.
Samolyot korpusining 50 foizi kompozit, 20 foizi esa alyumin materiallardan tarkib topgan. Layner “GE Aviation” tomonidan ishlab chiqarilgan GEnx-1B dvigatellari bilan ta’minlangan bo‘lib, samolyot ishlab chiqaradigan tashqi shovqin avvalgi “Boeing” modellariga nisbatan 2 barobar kam.
Salonning ichki diametri “Boeing 767″ga nisbatan 1 metr kattaroq. Keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamasi, yoritish va shovqindan himoya parvoz davomida yoqimli tuyg‘ularni taqdim etadi.
Shuningdek, samolyot sahni havo namlagichlar, yo‘lovchilar uchun alohida ekranlar hamda katta monitorlar bilan ham jihozlangan.
Shuhrat NE’MATOV , Nishon ABDUVOITOV, (surat) O‘zA