Bugun «Qanot sharq» aviakompaniyasining “Airbus A320” rusumli birinchi avialayneri “Toshkent-3” aeroportiga kelib qo‘ndi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, «Qanot sharq» aviakompaniyasi ta’sischisi Nosir Abdug‘afforov mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan qulayliklar xususiy aviakompaniyalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Birinchi xususiy aviakompaniya – «Qanot sharq» MCHJning faoliyati bunga yaqqol misoldir.

Ta’kidlash kerakki, o‘zining 20 yildan ortiq faoliyati davomida «Qanot sharq» aviakompaniyasi asosan yuk havo transporti sohasida tajriba to‘plagan edi. Kompaniya o‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz va xorijda yirik agentlik tarmog‘ini yarata oldi va butun ishi davrida 100 ming tonnadan ortiq yuk tashishga erishdi.

Shu bilan birga, kompaniya keyingi yetti yil ichida yo‘lovchi tashish borasida o‘z imkoniyatini sinab ko‘rdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va boshqa xorijiy aviakompaniyalar bilan yaqin va samarali hamkorlikni mustahkamlagan ushbu kompaniya o‘z charter reyslari davomida 150 mingdan ziyod yo‘lovchini o‘z manzillariga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.

Ahamiyatli jihati, 2020 yil oktyabr oyida ikkita “A 320-214” yo‘lovchi samolyoti uchun ijara shartnomalarini imzolashga erishgani ushbu aviakompaniya tarixida muhim davrni boshlab berdi. Shu tariqa, mamlakatimizda aynan havo liniyalari bo‘yicha birinchi xususiy tadbirkorlik asosida «Qanot sharq» aviakompaniyasi faoliyatiga qo‘l urildi.

– Bugun biz turizm, transport sohasi uchun tarixiy kunda ishtirok etdik, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov. – O‘zbekistonga ilk bor xususiy aviakompaniyaning birinchi aviylayneri yetib keldi. Buni biz anchadan buyon kutayotgan edik. Bu haqda kompaniyaning tashabbuskorlari bilan ikki yil oldin rejalari bo‘yicha gaplashgan edik. Mana bugun kompaniya poytaxtimizga “Airbus”ning “A320” rusumli samolyotini olib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Kompaniya rejasi bo‘yicha yaqin 20 kunda ikkinchi “A320” avialayneri yana olib kelinadi. Yil yakuniga qadar ikkita “A330” rusumli avialayner olib kelinishi kutilmoqda. Shu tarzda, kompaniya o‘zining uchta “A320” rusumli va uchta “A330” rusumli samolyotiga ega bo‘ladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tomonidan ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada farmon qabul qilinib, tadbirkorlarga keng imtiyozlar berilgan edi. “A330” rusumli samolyot aynan ziyorat turizmi uchun qulay bo‘lib, unda 290 va 300 nafargacha bo‘lgan yo‘lovchining mamlakatimizga kelishiga imkoniyat yaratadi. Umuman, aviakompaniya haqida gap ketgandan uni monopoliya deb aytishar edi. Bugun O‘zbekistonda bu sohada monopoliya tugatilib, raqobatdosh aviabozori shakllandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Kompaniya endi 2005 va 2007 yillarda ishlab chiqarilgan “A 320-214” yo‘lovchi avialaynerlar parvozini amalga oshiradi. CFM dvigatelli va 174 o‘rinli ushbu samolyotlar ilgari G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikada ekspluatatsiya qilingan. Kompaniya Istanbul, Anqara, Dubay, Madina, Moskva, Sankt-Peterburg va Olmaota kabi davlatlarga aviaqatnovlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

– Bugun jamoamiz uchun quvonarli kun bo‘ldi, – dedi «Qanot sharq» aviakompaniyasi ta’sischisi Nosir Abdug‘afforov. – Kompaniyamiz endi yo‘lovchilarni havo liniyalarii orqali o‘z manziliga yetkazishdek sharafli ishni boshlaydi. Avvalo, bizga shunday qulaylik va imkoniyatlar yaratib bergan O‘zbekiston hukumati va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiramiz. Bugun yetkazib kelingan “Airbus A320” rusumli birinchi avialaynerimiz Yevropa aviatsiyasi qoidalariga muvofiq, texnik xizmat o‘tkazilgan va uning texnik holatini baholash uchun namoyish parvozlari ham amalga oshirilgan. Ikkinchi samolyotning olib kelinishi may oyining uchinchi o‘n kunligida rejalashtirilgan.

Tantanali marosim avvalida ishtirokchilar parvozdan qo‘ngan “Airbus A320” rusumli birinchi avialayner bilan tanishdi.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA,

O‘zA muxbiri