Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Ma’lumki, pandemiya davrida xizmatlar va servis sohasi eng ko‘p jabr ko‘rdi. Shu bois, sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Davlat rahbari o‘tgan yili 24 turdagi soliq imtiyozlari, subsidiya va boshqa preferensiyalar taqdim etish orqali soha vakillariga 35 trillion so‘mlik ko‘mak berilganini qayd etdi.
– Berilgan yengilliklar ham tadbirkorlar, ham banklar uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Masalan, o‘tgan yili tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida xizmat sohasiga 1 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari ajratildi. Bundan tashqari, tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan sohaga qo‘shimcha yana 14 trillion so‘m kreditlar ajratgani aholining xizmatlar bozoriga qiziqishi yuqoriligi, hali bu sohada imkoniyatlar ko‘pligidan dalolat beradi, – dedi Prezident.
Keng imtiyozlar berilgani natijasida servis sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan 500 ming nafar fuqaro rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan. Qaysi hudud, shahar va tumanlar ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan bo‘lsa, o‘z natijasini bergani qayd etildi.
Jumladan, Qo‘qon va Shirin shaharlari, Karmana tumanida aholi jon boshiga umumiy xizmatlar hajmi 6,5 million so‘mni tashkil etib, respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi (6,4 million so‘m).
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 26 ta tumanda, jumladan, Beruniy, Shumanay, Chiroqchi, Qamashi, Guliston, Xovos, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, O‘zbekiston va Yozyovonda bu ko‘rsatkich eng pastni tashkil etgan (2 million so‘mdan kam).
Transport xizmatlari aholi jon boshiga Qo‘ng‘irot va Qorovulbozorda – 4 million so‘mdan, Chirchiq va Urganch shaharlarida – 3 million so‘mdan to‘g‘ri kelib, eng yaxshi ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan (respublika bo‘yicha o‘rtacha 1,6 million so‘m).
Lekin Taxiatosh, Ellikqal’a, Arnasoy, Zafarobod, Forish tumanlarida transport xizmatlari aholi jon boshiga atigi 300 ming so‘mni tashkil qilgan.
Chakana savdo xizmatlari Buloqboshi, Qibray, O‘rtachirchiq, Yangiyo‘l, Olot, G‘ijduvon, Kogon, Mirishkor, Nishon, Konimex, Uchquduq, Karmana tumanlarida nisbatan yaxshi rivojlanmoqda.
Biroq, Qonliko‘l, Taxiatosh, Oqoltin, Xovos, Ohangaron, Pskent tumanlarida ushbu xizmatlar respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 3 barobar past.
Ovqatlanish xizmatlari jon boshiga Qorovulbozor (745 ming so‘m), Qo‘ng‘irot (455 ming so‘m) va Karmana (270 ming so‘m) tumanlarida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Lekin, bu ko‘rsatkich Baxmal va Xovosda – 11 ming so‘m, Izboskan, Paxtaobod, Yangiariq, Qo‘shko‘pir, Bo‘ston tumanlari va Nurafshon shahrida – 15 ming so‘mdan, Baliqchi va Yangiqo‘rg‘onda – 17 ming so‘mni tashkil etadi.
Bekobod, Boyovut, Hazorasp, Sergeli, Oqqo‘rg‘on tumanlarida davlat ta’lim muassasalarida, Parkent, Sirdaryo va Tuproqqal’a tumanlarida tibbiyot muassasalarida tijorat xizmatlarini ko‘rsatish darajasi o‘ta past.
Eng achinarlisi, joylarda aniq metodologiya yaratilmagani, shuningdek, sektor rahbarlari e’tiborsizligi oqibatida, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi, ob’ektlar sonini aniqlash va hududlar salohiyatini to‘g‘ri baholashning bugun ham imkoni yo‘q.
Har bir viloyat hokimi sohadagi ahvol va mutasaddi rahbarlarning mas’uliyatini kecha o‘z hududidagi selektor yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilgani aytildi. Oqibatda 27 nafar rahbar lavozimidan ozod etilgan, 54 nafariga intizomiy jazo berilgan.
Yig‘ilishda bundan buyon har bir vazir, jumladan, transport (I.Mahkamov), axborot texnologiyalari (Sh.Sodiqov), ta’lim (Sh.Shermatov, A.Toshqulov), sog‘liqni saqlash (A.Hojiboyev), qurilish (B.Zokirov), madaniyat (O.Nazarbekov), qishloq xo‘jaligi (J.Xo‘jayev), bandlik (N.Husanov) vazirlari o‘z yo‘nalishida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari bilan birdek ishlashi va natijadorlik uchun javob berishi belgilandi.
– Bir narsani yaxshi tushunish lozim: xizmat ko‘rsatish – odamlarning dardiga darmon bo‘layotgan soha. Yangi ish o‘rinlari, eng kam xarajat va tez muddatda xizmatlar va servis sohalarida tashkil etiladi. Joylardagi aholi daromadlarining real o‘sishini ham, avvalo xizmatlar rivojidan yaqqol ko‘rish mumkin. Shuning uchun, ushbu sohaga iqtisodiyotning asosiy “drayver”laridan biri deb, qarashimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA