Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari dastlab Chinoz tumani suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumki, global iqlim o‘zgarishi tufayli suv resurslari taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda. So‘nggi 50 yil davomida Markaziy Osiyodagi muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Qishloq xo‘jaligi ekinlari asosan egatlab sug‘orilmoqda. Ko‘p yerlar lazerli uskuna bilan tekislanmagan. Kollektor-drenaj tarmoqlari eskirgan. Bularning oqibatida suv juda ko‘p isrof bo‘lmoqda.
Lekin ayni paytda aholi soni o‘sib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab ortmoqda.
Shu bois davlatimiz rahbari suvni tejash, uning aniq hisobini yuritish va samarali foydalanish zarurligini doim ta’kidlab keladi. 2020 yil 10 iyuldagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida shu boradagi barcha masalalar o‘z ifodasini topgan. Ushbu konsepsiyaga muvofiq, joriy yil 24 fevralda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning uch yillik strategiyasi qabul qilindi. Unda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni kengaytirish va davlat tomonidan rag‘batlantirib borish, bu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Chinoz tumani Yangiobod qishlog‘idagi ekin maydoni aynan shunday ishlar natijasi. Bu joyda 1 million 350 ming dollar investitsiya evaziga 850 gektar yer qayta o‘zlashtirilgan. Jami 202 ming kub metr sig‘imga ega 3 ta suv havzasi barpo etilib, ekinlarni tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi qo‘riq yerning 702 gektariga qo‘shqator usulda, plyonka ostida “Andijon-72” navli paxta ekiladi. Buning uchun zamonaviy seyalkalar olib kelingan. Ular chigit ekish bilan bir vaqtda tomchilatib sug‘orish shlanglarini o‘rnatib, plyonka bilan yopib ketadi.
148 gektarda eksportbop poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Jumladan, uning bir qismi ishsiz yoshlarga bo‘lib beriladi.
– Ekishdan oldin sotishni o‘ylash kerak. Yerni tadbirkorga berish zarur. Chunki u bozorni biladi, raqobatni biladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayta foydalanishga kiritilgan bu yerlarda 220 kishi doimiy, 1 ming 200 dan ziyod aholi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Chinoz tumanidagi Eshonobod mahallasini borib ko‘rdi.
Bu yerda 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida “Obod qishloq” dasturi doirasida uylar, maktablar, yo‘llar va kommunal tarmoqlar ta’mirlanib, zamonaviy madaniyat saroyi barpo etildi.
Fayzobod ko‘chasida qad rostlagan mahalla markazida “Obod va xavfsiz mahalla”, “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyillari asosida fuqarolar bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizimni samarali joriy etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Binoda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, uning o‘rinbosari va turli yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatchilari, profilaktika inspektori o‘zaro uyg‘un va samarali faoliyat ko‘rsatadi.
Aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, dam olish sharoitlarini yaxshilash uchun “Kitobxonlar bog‘i”ning barpo qilingani – mahalla hayotida katta voqea bo‘ldi. Bu xiyobon – mamlakatimiz va jahondagi eng nodir me’moriy obidalarning ixcham maketlarini o‘zida mujassam etgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda mahallaning turli millatga mansub vakillari bilan suhbatlashdi.
– Bugun kelishimdan maqsad – Toshkent viloyatida ham zamonga munosib sharoit yaratish. Viloyatda salkam 3 million aholi bor. 150 ming nafari ishsiz. Shuning uchun har bir mahalladagi «o‘sish nuqtalari»ni topib, shunga javobgarlarni belgilab, kerakli mablag‘larni berib, odamlarni ish bilan ta’minlashimiz kerak. Ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, ta’lim va boshqa sharoitlarni yaxshilash zarur. Bu maqsadlar, yirik va o‘rta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan, – dedi Prezident.
Muloqotda Chinoz tumanidagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar haqida ham gapirildi.
– O‘zi Chinoz tumanida ishsiz bo‘lishi kerak emas. Yeri keng, odamlari mehnatkash. Har bir uyda, har bir ko‘chada madaniyat bo‘lishi kerak. Xalqimiz aytganidek, olma pish, og‘zimga tush, degan bilan natija bo‘lmaydi. Birgalikda harakat qilishimiz zarur. O‘zgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda o‘zgarishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahallada davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, bank filiali, tibbiyot punkti, tikuvchilik korxonasi ham tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari «Qo‘jakent tekstil grup» korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda ikki smenada 500 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Oxirgi bir yarim oyda 100 ming dollarlik tayyor kiyimlar eksport qilingan. Korxonaning o‘zida tikish-bichishni o‘rgatuvchi 200 o‘rinli o‘quv markazi ham ochilgan.
Mutasaddilarga tadbirkorlarga ko‘maklashib, bino va mablag‘lar ajratib, bunday kichik korxonalarni ko‘paytirish va 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
“Mahallabay” tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Eng avvalo, odamlarni tashvishlantirayotgan muayyan masalalar aniqlandi. Bular suv, yo‘llar, chiroq, bandlik masalalaridir. Mavhum, uzoq muddatga mo‘ljallangan emas, 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi.
Agar dasturlar to‘liq amalga oshirilsa bir yildan so‘ng mavjud muammolarning kattagina qismi hal etiladi, kambag‘allikni qisqartirishga erishiladi.
Prezidentimiz shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Sluster” klasteri tomonidan bunyod etilgan sholini qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi.
“TST Rice” nomli ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatda sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha to‘liq sanoat zanjiri yaratilgan. O‘tgan yili 2,6 ming gektardan ortiq yerda “Lazurniy”, “Iskandar”, “Mustaqillik”, “Nukus” navlaridan mo‘l hosil yetishtirilgan.
Aytish joizki, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelinardi.
2021 yil 2 fevraldagi “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroridan so‘ng sohada o‘zgarishlar boshlandi.
“TST Rice” majmuasi maydoni ham ilgari tashlandiq joy edi. 27 milliard so‘mlikdan ziyod loyiha tufayli ushbu 6 gektar hududda zamonaviy majmua barpo etildi. U xirmon maydoni, umumiy sig‘imi 15 ming tonnalik 2 ta yopiq ombor, sholini tozalash va quritish sexi hamda qayta ishlash zavodini o‘z ichiga olgan.
Sholini tozalash va quritish sexi to‘rtta liniya bilan jihozlangan. Ularning har biri orqali bir smenada 120 tonna sholini quritish imkoni bor. Bu yerda boshqa dukkakli mahsulotlarni tozalash va quritish ham mumkin.
Sholini qayta ishlash zavodi Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasi uskunalari bilan jihozlangan. Ular yordamida eng yuqori navdagi guruch mahsulotlari ishlab chiqariladi. Chunki “aqlli” uskunalar guruchni nafaqat katta-kichikligi, balki rangi bo‘yicha ham saralaydi.
Hozirgi paytda zavod bir yilda 40 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega. Istiqbolda rejalashtirilgan ikkinchi bosqich ham ishga tushirilgach, korxona quvvati ikki barobarga ortadi.
Bu yerda zamonaviy laboratoriya ham bor. Qabul qilinayotgan sholining namligi, quritish va qayta ishlash jarayonlari, shuningdek, guruch mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari doimiy nazorat qilib boriladi.
“Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida ish yuritayotgan sholichilik klasterida joriy yilda hosildorlikni 60 sentnerdan oshirish, xorijga 100 ming AQSH dollari miqdorida guruch eksport qilish rejalashtirilgan.
“TST Rice” korxonasida 365 nafar, umuman, klasterda 8 ming 750 nafar aholi ishlamoqda.
– Mana, inson huquqlari deymiz. Eng katta huquqlardan biri – ish bilan ta’minlanish. Bizning hamma harakatlarimiz shunga qaratilgan. Odamlarni ishli qilsak, aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirsak, sotib olish qobiliyati oshsa, boshqa hamma huquqlar o‘zi joy-joyiga tushadi. Shuning uchun Toshkent viloyatini ishsizlik minimal darajada bo‘lgan hududga aylantirmoqchimiz. Viloyatda buning uchun hamma sharoit bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Asosiy e’tibor eksportni ko‘paytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirishga qaratilmoqda. Xususan, kelgusi yili guruch eksportini 500 ming AQSH dollariga yetkazish mo‘ljallangan. Bundan tashqari, “TST Sluster” klasterining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan to‘rt bosqichli loyihasi doirasida 114 million dollarlik tayyor to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shu yerda viloyatda qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, 2021-2022 yillarda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida meva-sabzavot, dorivor o‘simliklarni qayta ishlash, muzlatkich, agrologistika markazi, chorvachilik majmuasi, issiqxonalar barpo etish, uzumzor va bog‘ yaratish kabi loyihalar amalga oshiriladi.
Ushbu maqsadlar uchun 218,4 million dollar, shu jumladan, qariyb 95 million dollar xorijiy investitsiya yo‘naltirilib, 7 ming 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar 40 ming gektar uzumzor, 60 ming gektar bog‘ tashkil etiladi.
Ohangaron va Parkent tumanlarida “Textile technologies group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan agrosanoat klasteri tashkil etiladi. Qiymati 60,3 million dollardan iborat mazkur loyihaning birinchi bosqichi 2021-2022 yillarda amalga oshirilib, 40 ming gektar yaylov va lalmi yer maydoni o‘zlashtiriladi.
Loyihaning 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichida esa 5 ming bosh naslli qoramol, 50 ming qo‘y va echki boqish yo‘lga qo‘yilib, chorvachilik kompleksi, sutni qayta ishlash korxonasi, yog‘ ekstraksiyasi zavodi, don va omixta yemni qayta ishlash korxonasi barpo etiladi.
Chirchiq – Toshkent viloyatining eng yirik beshta shahridan biri. Poytaxtga yaqinligi, ishlab chiqarish korxonalari ko‘pligi aholi soni va uy-joyga bo‘lgan talab ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.
Shaharning Shodlik mahallasida qurilgan 4 ta 16 qavatli uy aholining o‘sib borayotgan talabini ta’minlashga qaratilgan. Ularda jami 288 xonadon bo‘ladi. To‘rtalasi ham shu yil foydalanishga topshiriladi.
Ushbu uylar qisqa muddatda qurib bitkaziladi. Zilzilabardoshligi yuqori, zamonaviy Hi-Tech usulida bunyod etilgan. Yo‘laklari keng, har bir yo‘lakka ikkitadan lift o‘rnatilgan. Chunki, bu uylarda xonadonlar soni ko‘p.
Uylarning shifti baland, gaz quvurlari fasad qismidan o‘tgan. Bu yong‘in xavfsizligi jihatidan ham ishonchli. Har bir kvartira yong‘in o‘chirish tizimi va gaz analizatorlari bilan ta’minlangan. Agar gaz hidi chiqsa, xonadonga kelayotgan tabiiy gaz oqimi avtomatik tarzda o‘chiriladi.
Bu – Toshkent viloyatida qurilgan dastlabki 16 qavatli uylar bo‘lib, Chirchiq shahriga yangi qiyofa baxsh etgan.
17 ta xonadon nogironligi bor hamda uy-joyga muhtoj ayollarga, 15 tasi o‘z sohasida alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan yosh oilalarga ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilishning borishi bilan tanishdi.
Shu yerda Chirchiq shahrini rivojlantirish bo‘yicha bosh reja muhokama qilindi. Yangi turar joylar qurish, eski uylarni renovatsiya qilish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanib, Toshkent shahridagi ayrim ishlab chiqarish korxonalarini shu yerga ko‘chirish hamda yangi loyihalarni joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
– Chirchiqni innovatsion, investitsion shahar qilish mumkin. Shuning uchun hamma binolarni inventarizatsiyadan o‘tkazish kerak. Bu yerda hamma infratuzilma bor. Avtomobil va temir yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish, jamoat transportini rivojlantirish kerak. Qulaylik yaratilsa, aholi ham, ishbilarmonlar ham keladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Chirchiq shahar issiqlik ta’minot korxonasini ham borib ko‘rdi.
Chirchiq shahrida jami 911 ta ko‘p qavatli uyga 14 ta qozonxona xizmat ko‘rsatadi. Shulardan biri 1957 yilda qurilgan. Bu qozonxona ochiq tizimda ishlaydi. Ya’ni, shahar ichimlik suvi tarmog‘idan suv olib, uni isitib, xonadonlarga tarqatadi. Bu ortiqcha suv va gaz yoqilg‘isi sarfini yuzaga keltirayotgan edi.
Shu bois bu yerda Turkiya texnologiyasi asosida yangi qozonxona barpo etilmoqda. Ushbu uskunalar avtomatlashtirilgan tizimda, yopiq usulda ishlaydi. Bu degani, suv kimyoviy tozalanib, isitilib, so‘ng ko‘p qavatli uylarga yuboriladi. Ushbu usulda suv markazlashgan tarmoqdan emas, sizot suvlardan olinib, yopiq tizimda ishlatiladi.
Loyihaning qiymati 16 million dollardan ziyod bo‘lib, Jahon banki krediti asosida moliyalashtiriladi.
Yangi qozonxonaning quvvati 75 megavatt bo‘ladi. Qurilish ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Modernizatsiya natijasida shaharda 24 kilometr issiqlik quvuri tortilib, 175 ta ko‘p qavatli uy, 19 ta ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik tizimi bilan sifatli ta’minlanadi. 12 million metr kub tabiiy gaz, 3,4 million kilovatt elektr energiyasi, 300 ming kub suv tejaladi. Atmosferaga chiqayotgan 4,7 ming tonna gaz ushlab qolinadi.
Bu mamlakatimizda tatbiq etilayotgan dastlabki pilot loyiha bo‘lib, Chirchiq, Andijon, Samarqand, Buxoro shaharlari va Toshkentning Sergeli tumanida joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Shu yerning o‘zida viloyatda elektr energiyasi, issiqlik, ichimlik suvi ta’minoti hamda shaharlarda kommunal xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha rejalar taqdimoti o‘tkazildi.
Toshkent viloyatida eng ko‘p yuqori qavatli uylar Chirchiq va Angren shaharlarida joylashgan. Chirchiqdagi ko‘p qavatli uylarning 352 tasida issiqlik ta’minoti mavjud, qolganlarida boshqa turdagi moslamalar o‘rnatilgan yoki umuman issiqlik ta’minoti yetib bormagan. Bu aholi turmushi yomonlashuviga olib kelayotgan edi.
Taqdimot chog‘ida shu haqda ma’lumot berildi. Shahardagi 90 kilometr issiqlik tarmoqlarining 49 kilometri ta’mirtalab ekani aytildi.
44 ta qozonxonadan 15 tasi eskirgan. Joriy yilda ularni mukammal ta’mirlash, 4 ta lokal qozonxonani, 28 kilometr issiqlik tarmoqlarini almashtirish, uylarning isitish tizimlarini o‘zgartirish ko‘zda tutilgan. Bular bo‘yicha taqdimot qilinib, moliyalashtirishni hal etish va kuz-qish mavsumigacha ishlarni yakunlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Toshkent viloyatining 7 ta shahri va tuman markazlaridagi 4 ming 948 ta ko‘p qavatli uyga issiqlik yetkazib berish masalasi ham muhokama qilindi. Hozirgi kunda bu uylarning 48 foizi issiqlik manbaiga ulangan. 343 kilometr issiqlik tarmoqlari ta’mirtalab. 133 ta qozonxonadan 69 tasini yangilash zarur.
Prezident odamlar bu yil qishdagi kabi sovuqda qiynalmasligi uchun qozonxonalarni bosqichma-bosqich yangi tizimga o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Viloyatdagi ichimlik suv tarmoqlarini yangilash bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. Shu maqsadda 1 ming 57 ta mahalla o‘rganilganda, 145 tasida markazlashgan ichimlik suvi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilda viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 450 mingdan ziyod aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Natijada ichimlik suvi bilan ta’minlashni hozirgi 68 foizdan 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezident Chirchiq shahriga tashrifi chog‘ida Iftixor mahallasiga kirib ko‘rdi. Ko‘p qavatli uylarda yashayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.
Davlat rahbarining mahallalarni aylangani bu gal ham aholining ko‘nglini ko‘tardi. Odamlar ochiq yuz bilan Prezidentga peshvoz chiqdi. Kimdir salomlashishga, kimdir o‘z muammosini aytishga oshiqdi.
– Chirchiq bir paytlar dong‘i ketgan shahar edi. Oxirgi vaqtlarda ancha «charchab» qolgandi. Bu deganim, trubalari eskirgan, issiqlik tizimi “charchagan”, suv taqchil, ko‘chalarni yoritish yo‘q. Tegirmon navbati bilan degandek, endi bu yerda ham barcha sharoitlarni yaratamiz. Sanoatni ko‘tarish, ish joylari ochish, yo‘lni, issiqlik ta’minotini yaxshilash bo‘yicha katta ishlarni boshlayapmiz, – dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev hududdagi muammolarni, aholining talab va istaklarini so‘radi. Iftixor mahallasidagi uchrashuvda tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan yigitga yer ajratish bo‘yicha shahar hokimiga ko‘rsatma berdi. Prezidentni ko‘rishni orzu qilib, davlat rahbari oldiga chiqqan bolakayni bag‘riga bosib suratga tushdi.
Prezidentimiz “Lola” mahallasida ham bo‘ldi. Davlatimiz rahbari mahalla raisi, nuroniylar hamrohligida 35-uydagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga kirib, hol-ahvol so‘radi.
“Lola” mahalla fuqarolar yig‘inida qariyb 3 ming nafar turli millat vakillari yashaydi. Mahalla ahli ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kirganlarni ish bilan ta’minlashga hududdagi 6 ta tadbirkorlik sub’ekti ham hissa qo‘shayapti. Joriy yilda bu yerda yana 2 ta loyiha amalga oshiriladi.
Mahalla raisi Muborak Abdurahimova Prezidentga hududda ikki yarim yildan buyon jinoyatchilik qayd etilmaganini aytdi.
Prezident yo‘l-yo‘lakay mehnat faxriylari bilan ham samimiy suhbatlashdi. Ular mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, Chirchiq shahridagi o‘zgarishlardan mamnun ekanini aytib, duolar qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanidagi “Yevro Global Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Bugun yurtimizda qurilish ko‘lami keng. Shu bois yangicha dizayndagi temir-beton materiallariga talab yuqori.
O‘tgan yili dekabrda ish boshlagan “Yevro Global Invest” korxonasi yirik yig‘ma temir-beton panellari tayyorlashga ixtisoslashgan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 40 million yevro. 7 gektarlik ishlab chiqarish maydoniga Italiya, Germaniya va Avstriyadan zamonaviy liniyalar keltirib o‘rnatilgan.
Korxona mahsulotlari jahon standartlariga mos. Mazkur qurilish materiallari ishlatilgan uylar tannarxi boshqalarga nisbatan 30 foiz arzon bo‘ladi. Mahsulotlar rangli qilib tayyorlanishi ham mumkin.
Klaster usulidagi korxona yiliga 500 ming kub metr beton mahsulotlar ishlab chiqarish, 1 million tonna tosh maydalash, yana shuncha asfalt tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda, shuningdek, ichki va tashqi eshiklar, deraza romlari, mebellar ham yasalmoqda.
Davlatimiz rahbari materiallar ishlab chiqarish va qurilishning to‘liq «zanjiri»ni tashkil etib, uy-joylar narxini yanada arzonlashtirish, ko‘proq yoshlarni ishga jalb etish zarurligini ta’kidladi.
– Shunday klasterlarni boshqa hududlarda, Samarqand va vodiy viloyatlarida ham ko‘paytirish kerak. Qurilishda eng muhimi narx, sifat va muddat. Shuning uchun raqobatbardosh qurilish materiallari turi ko‘p bo‘lsa, narx-navo arzonlashadi. Bu korxonada malakali mutaxassislar tayyorlash uchun markaz tashkil etish kerak, – dedi Prezident.
Korxonada ayni paytda 850 nafar ishchi mehnat qiladi. Yil yakunigacha ish o‘rinlarini 1 ming 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu yerda 2021-2022 yillarda Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zA