Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlar muammolarini hal qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

bugungi kunda O‘zbekiston aholisining qariyb yarmini, ya’ni 17 millionga yaqinini xotin-qizlar tashkil etadi. Mamlakatimizda oila tashvishlaridan ortib, erkaklar bilan tengma-teng ishlayotgan, o‘z tashabbuslari, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun tunu kun mehnat qilib o‘rnak bo‘layotgan xotin-qizlarimiz ko‘p.

Prezident barcha ayollarga ham jamiyatda o‘rnini topishi uchun munosib sharoit, imkoniyat yaratib berilmayotgani, ularning muammolari hal bo‘lmayotganini ta’kidladi.

Misol uchun, o‘tgan ikki yilda 116 mingga yaqin ayol tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatgan. Bundan tashqari, qishloq joylarda, olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar talab darajasida emas.

Oiladagi kelishmovchiliklar sababli ajrimlar soni ham yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, Qashqadaryoda – 2 ming, Xorazmda – 1,1 ming, birgina Romiton tumanida – 110 ta ajrim qayd etilgan.

Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli ishlash maqsadida o‘tgan yili mutlaqo yangi tizim – “ayollar daftari” joriy etildi.

Yig‘ilishda Prezident bundan buyon har bir rahbarning faoliyatiga “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha ishlarni bajargan-bajarmaganiga qarab baho berilishini ta’kidladi.

– Nazorat juda kuchli va qattiq bo‘ladi. “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlari bo‘yicha ishni to‘g‘ri tashkil etmagan rahbarlarga xuddi Farg‘ona va Namangan viloyatlarida bo‘lgani kabi keskin chora ko‘riladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zA