Nukus shahridagi «Yoshlar markazi»da Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun «Tadbirkorlik asoslari» mavzusida seminar-trening boshlandi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarma boshlig‘i, senator Abatbay Daniyarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori F.Allambergenov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish hamda bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida joriy yilga «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb nom berilishi har birimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Shuningdek, davlatimiz rahbari ishtirokida 2020 yil 25 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari forumidagi yoshlarning biznes tashabbuslarini, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash vazifalari belgilab berildi. Forumda Savdo-sanoat palatasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida palataning hududiy o‘quv markazlarida uyushmagan va ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etish, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish yuzasidan xayrli tashabbus ilgari surildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi har bir shahar va tumandan besh nafardan band bo‘lmagan yoshni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlash, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga yaqindan ko‘mak berishdan iborat.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Markaziy bank Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hududiy boshqarmasi, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi mutaxassislari tomonidan «Tadbirkorlikka ilk qadam», «Biznes g‘oya nima?», «Kredit nima?», tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishda bo‘sh bino va yer ajratishning qonuniy asoslari kabi mavzular asosida treninglar tashkil etildi. Shuningdek, «Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish tartibi», «Soliq va soliqqa tortish tushunchalari”, “Tadbirkorlik psixologiyasi” bo‘yicha seminarlar o‘tkazilib, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi.
Tadbir yakunida har bir ishtirokchi o‘z biznes rejasini taqdimot qiladi va ularga tashkilotchilar tomonidan setifikatlar topshiriladi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surati), O‘zA