Yuridik klinika
– Yoshim 54 da, 24 yillik mehnat stajim bor. Yoshga doir pensiyaga chiqsam bo‘ladimi?
– Ha, bo‘ladi.
Umumiy qoidaga ko‘ra, yoshga doir pensiya olish huquqiga ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladi.
Ayollar 54 yoshda, ya’ni umumiy belgilangan yoshdan bir yil ilgari, agar ularda kamida 20 yillik ish staji bo‘lsa, yoshga doir pensiya olish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Bunda quyidagilar ish stajiga qo‘shib hisoblanadi:
a) 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun faoliyat turi, mulk va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa;
2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, agar mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa.
b) harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda qo‘shilmalarida bo‘lish, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish;
v) idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va tog‘-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
g) yakka tartibdagi mehnat va oilaviy tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan, shaxsiy yordamchi xo‘jalikdagi va yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi dehqon xo‘jaligidagi faoliyat:
2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda;
2019 yil 1 yanvardan 2019 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan taqdirda.
Demak, sizda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda keltirilgan yuqoridagi shartlar mavjud bo‘lsa, yoshga doir pensiya olish huquqiga egasiz.
O‘zA
Ushbu material TDYUUning “Yuridik klinika”si talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi.